French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Samarqand ruhi” “Shanxay ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi
15:02 / 2022-09-13

Bugun dunyo hamjamiyatining nigohi jonajon O‘zbekistonimizda bo‘lib turibdi. Samarqand shahri yirik siyosiy xalqaro tadbir – Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitiga mezbonlik qiladi.

SHHTning navbatdagi sammiti aynan Samarqandda o‘tkazilishida chuqur ramziy ma’no bor. Chunki Samarqand o‘rta asrlardayoq ilm-fan, ta’lim, san’at va madaniyat o‘chog‘i, savdo-iqtisodiy aloqalarning muhim kesishgan nuqtasi bo‘lgan.

Ushbu shahar ko‘plab tarixiy jarayonlar, yirik ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga guvoh bo‘lgan. Shu ma’noda aytish mumkinki, Samarqandning boy tarixiy merosi bugun SHHTning navbatdagi sammiti fonida yangi to‘lqinga ega bo‘lmoqda. 

Davlatimiz rahbari zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq va maqbul yo‘l – bu samarali xalqaro hamkorlik ekanligini ta’kidlagan holda, “muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli”ni e’tirof etdi.

Ushbu model negizida ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblangan SHHT hamjamiyati turibdi. Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi esa mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surishi hisoblanadi. Shu sababli SHHT faoliyatiga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. 

Agar O‘zbekistonning SHHTdagi raisligi faoliyatiga razm solsak, “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi”, degan shior ostida ish ko‘rilganining guvohi bo‘lamiz. Chunki amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosat bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy jarayonlar ro‘y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda. 

Prezidentimizning  matbuotda e’lon qilingan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasini o‘qib “Samarqand ruhi” to‘g‘risida bildirgan fikrlari e’tiborimni tortdi. 
“Shanxay ruhi” ushbu tashkilot Xartiyasida yozib qo‘yilgan prinsiplarda o‘z aksini topgan. Xususan, uning asosiy prinsiplaridan biri – uning uchinchi bir davlatlarga qaratilmagani, ikkinchisi – o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish, inobatga olish va teng huquqlilik bo‘lsa, uchinchisi – qaror qabul qilishda konsensus tartibiga amal qilish hisoblanadi. 

“Samarqand ruhi”da esa maqolada ta’kidlanganidek, tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan aytganda, samarali hamkorligimiz yanada mustahkamlanaveradi. Zotan, O‘zbekistonning dunyoga aytar o‘z so‘zi bor. Bu so‘zni aytishga esa bo‘lajak sammit asosiy platforma vazifasini o‘taydi. 
 
 

Zafar XUDAYBERDIEV, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA