Bugun biz qog‘ozni oddiy, kundalik buyum deb bilamiz. Ammo tarixda shunday davrlar bo‘lganki, bir varaq qog‘oz oltinga teng bo‘lgan.
Milodiy VIII asrda sodir bo‘lgan bir voqea dunyo intellektual tarixini tubdan o‘zgartirib yubordi. Bu voqea Samarqandda yuz berdi. O‘sha paytgacha aksariyat kishilar og‘ir loy taxtachalarga, qimmatbaho pergament (teri)larga yoki mo‘rt papiruslarga yozishga majbur edi. Samarqandlik ustalar Xitoydan kelgan asirlar orqali qog‘oz ishlab chiqarish sirini o‘rganib, uni takomillashtirdilar va asrlar davomida Samarqandni dunyoning “qog‘oz poytaxti”ga aylantirdilar.
Tarixiy manbalar shuni tasdiqlaydiki, Markaziy Osiyoda kitobchilik madaniyati juda qadimdan shakllangan. Ammo qog‘ozning kirib kelishi haqiqiy burilish nuqtasi bo‘ldi. Xitoyda ixtiro qilingan qog‘oz, 751 yildagi Talos jangidan so‘ng Samarqandga kirib keldi. Xitoylik qog‘ozrez ustalar Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish ustaxonalarini tashkil etdilar. Ammo samarqandliklar shunchaki nusxa ko‘chirmadilar. Ular mahalliy xomashyo – tut daraxti po‘stlog‘i va paxta tolasidan foydalanib, qog‘oz sifatini shu darajaga ko‘tardilarki, u “Samarqand qog‘ozi” brendi ostida butun dunyoga mashhur bo‘ldi.
Samarqand qog‘ozining o‘ziga xosligi nimada edi? U o‘ta silliq, ikki tomoniga ham yozish mumkin bo‘lgan, siyohni o‘ziga yaxshi shimadigan va eng muhimi – asrlar davomida sarg‘aymaydigan va chirimaydigan xususiyatga ega edi. Shu sababli X – XIX asrlar davomida nafaqat Movarounnahrda, balki Xuroson, Eron, Iroq va Misrda bitilgan eng nodir qo‘lyozmalar aynan Samarqand qog‘oziga yozilgan. Manbalarda aytilishicha, Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish shunchalik rivojlanganki, u Balx, Buxoro va Toshkent qog‘ozlaridan ustun qo‘yilgan.
Kitobchilik san’atida qog‘ozning o‘rni beqiyos edi. Agar avvallari kitoblar teriga yozilgan bo‘lsa (bu juda qimmat va og‘ir edi), Turonda qog‘ozning paydo bo‘lishi kitobni yengil, ixcham va arzon qildi. Bu esa ilm-fanning, ayniqsa, matematika, astronomiya va adabiyotning rivojlanishiga turtki berdi. Abu Rayhon Beruniyning asarlari, Ibn Sinoning tibbiy risolalari aynan shu qog‘ozlarda bitilgan. Samarqand qog‘ozi bo‘lmaganda, balki Ulug‘bekning “Zij”i yoki Navoiyning “Xamsa”si bizgacha yetib kelmagan bo‘lar edi.
Kitob yaratish jarayonining o‘zi ham bir san’at asariga aylandi. Matnni ko‘chiruvchi kotib (xattot), sahifalarni bezovchi muzahhib, muqovasoz sahhof – bularning barchasi bir jamoa bo‘lib ishlagan. Qiziqarli bir detal: kitob sahifalarini hasharotlardan himoya qilish uchun qog‘oz tarkibiga maxsus giyohlar suvi qo‘shilgan yoki sahifalar orasiga tovus patlari qo‘yilgan. Bu kitobning uzoq saqlanishini ta’minlagan. Muqovalar esa nafaqat kitobni himoya qilgan, balki unga estetik ko‘rk bergan. Teri muqovalar bosim usulida naqshlangan, ba’zan esa oltin suvi yuritilgan.
Samarqand qog‘ozining yana bir siri – uning pardozlanishida edi. Qog‘oz sirti maxsus tosh yoki shisha bilan ishqalanib, ko‘zgudek yaltiroq holga keltirilgan. Bu xattot qalamining qog‘oz ustida sirpanib, go‘zal xatlarni bitishiga imkon bergan. Hatto Yevropa davlatlari ham uzoq vaqt davomida Samarqand qog‘ozini sotib olishga harakat qilganlar. Amir Temur va Temuriylar davrida qog‘oz va kitob san’ati o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. Sulton Ali Mashhadiy kabi buyuk xattotlar aynan shu qog‘ozlarda o‘z san’atini namoyish etganlar.
Samarqand qog‘ozi shunchaki yozuv vositasi emas edi. U sivilizatsiyaning qon tomiri edi. X asrdan XIX asrgacha bo‘lgan davrda, qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyasi deyarli o‘zgarmadi, ammo uning sifati hamisha yuqori bo‘lib qoldi. Faqat XIX asrning ikkinchi yarmida, Rossiya imperiyasi bosqinidan so‘ng, arzon va sifatsiz fabrika qog‘ozining kirib kelishi bilan mahalliy qog‘ozga bo‘lgan talab kamaydi va bu noyob hunar sekin asta yo‘qlikka yuz tutdi.
Bugungi kunda Samarqandda qayta tiklangan qadimiy qog‘oz ustaxonasi – bu o‘tmishga hurmat va ajdodlar dahosiga ta’zimdir. Zero, Samarqand qog‘ozi dunyo ilm-fanini zulmatdan yorug‘likka olib chiqqan ko‘prik vazifasini o‘tagan.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA