English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand nufuzli anjumanlar arafasida (+video)
19:41 / 2024-08-21

Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi bayrami arafasida Samarqand yana dunyo ahli e’tibor markazida turibdi. Kelgusi hafta qadimiy va hamisha navqiron shaharda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Festival arafasida esa Samarqand ilk bor baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati, shuningdek, “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” VIII xalqaro kongressiga mezbonlik qiladi. 7-8 sentyabr kunlari esa triatlon bo‘yicha “Challenge Samarkand” xalqaro musobaqasi rejalashtirilgan.

Ayni paytda shaharda mazkur xalqaro tadbirlarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov quyidagilarni gapirib berdi.

– Samarqand bugun bayramlar og‘ushida, – deydi R.Qobilov. –Aholi gavjum maskanlar, istirohat bog‘lari, bozorlar, ko‘chalar, yirik inshootlar bayram ruhiga mos bezatilmoqda, xalqimiz ham bu tadbirlarga ruhan tayyorgarlik ko‘rmoqda. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining besh yillik tanaffusdan so‘ng yana Samarqandda, Registon maydonida o‘tkazilishini yurtdoshlarimiz va xorijliklar ham iliq kutib oldi. Ushbu musiqa bayram yana Samarqandga qaytgani ko‘pchilikni quvontirdi. Bu yilgi o‘n uchinchi festivalda 82 davlatdan 300 ga yaqin ishtirokchi – musiqashunos olimlar, san’atkorlar, ijodiy guruh va ansamblar kelishi kutilmoqda.

Shuningdek, 23-26 avgust kunlari Samarqandda birinchi marta baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi. Unda 88 davlatdan 500 dan ortiq sportchi kelmoqda. 

Umuman, keyingi paytda Samarqandda suv sporti, triatlon bo‘yicha xalqaro talablarga mos infratuzilma yaratildi. Buni xalqaro sport federatsiyalari, xorijlik mutaxassislar e’tirof etmoqda. Chunki, mazkur tadbirlar sanoqli davlatlardagina o‘tkaziladi. Hatto, ushbu sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish uchun xalqaro sertifikatga ham sazovor bo‘ldik.

Triatlon murakkab sport turi. Bir paytning o‘zida yugurish, suzish, velopoygani o‘z ichiga oladi. Buning uchun xavfsiz va xalqaro talablarga mos infratuzilma, sharoit bo‘lishi lozim. O‘tgan yil triatlon federatsiyasi vakillari mavjud imkoniyatlar, sportchilar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘rib, 2024 yilda jahon chemiponatini ham Samarqandda o‘tkazishni rejalashtirgandi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bh_z7EFQctw" title="Samarqand nufuzli anjumanlar arafasida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

May oyida triatlon va paratriatlon bo‘yicha Osiyo chempionatini o‘tkazdik. Unda dunyoga mashhur 300 dan ziyod sportchi ishtirok etdi. 

Triatlon musobaqalarining Samarqandda o‘tkazilayotganining yana bir sababi velosport va yugurish uchun mavjud trassamizning o‘ziga xosligidir. Ya’ni boshqa xalqaro musobaqalardan farqli jihati, trassa turizm markazi va 7 ta tarixiy madaniy yodgorlik atrofini o‘z ichiga oladi. Ayni xususiyati bilan dunyodagi triatlon uchun qulay sanoqli trassalar qatoriga kiritilgan. Shu paytgacha bunday nufuzli musobaqalar asosan dunyodagi to‘rt davlatda o‘tkazilar edi. O‘zbekiston bu mamlakatlar orasida beshinchi bo‘ldi. Bu ham yurtimizda sportni rivojlantirish bilan birga turizm taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, ushbu tadbirlar Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligiga ulanib ketadi. Hozir eng ulug‘, eng aziz bayramimizga ham qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda, ko‘chalar bezatilmoqda, teatrlashtirilgan dasturlar tayyorlanmoqda. Asosiy bayram tadbirlari 31 avgust kuni kechki payt Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatri hamda Qorasuv massividagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tkaziladi. 

Bugun Samarqand nafaqat tarixiy va qadimiyligi bilan, balki zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari, ishbilarmonlik va biznes, turizm markaziga aylanayotgani bilan ham dunyoga mashhur bo‘lmoqda. Yil-o‘n ikki oy xalqaro forum va anjumanlar o‘tkazilmoqda. Bu yil ham hali yil yakuniga qadar BMTning ikkita katta yo‘nalishdagi tadbirlari o‘tkazilishi kutilmoqda.

2025 yilda esa YUNESKOning 43-sessiyasi ilk bor Parijdan tashqarida, ya’ni Samarqandda o‘tadi. Yaqinda tashkilot vakillari kelib, tadbirlar o‘tkaziladigan joylar, infratuzilma bilan tanishdi va ularning reglament talablariga javob berishi qayd etildi. Mazkur tadbir ham Samarqandni, yurtimiz turistik imkoniyatlarini yana bir bor dunyoga targ‘ib etish uchun katta imkoniyat bo‘ladi. Sessiyada 198 davlat vakillari, vazirlar, madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash bo‘yicha mas’ullar kelishi kutilmoqda. 

Mazkur tadbir jarayonida biz ham yurtimizdagi boy tarixiy-madaniy yodgorliklarimizni namoyish etish bilan birga ularni asrab-avaylash borasidagi ishlarimizni ham ko‘rsatib berish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Madaniy meros agentligi bilan birgalikda sharqona restavratsiya usullari bo‘yicha kitob tayyorlash va taqdimotlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. 

Albatta, yirik tadbirlar, festival va forumlar munosabati bilan Samarqandga keluvchi sayyohlar oqimi ko‘payadi.

Xususan, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali kunlari Samarqandga sayohat qilishni rejalashtirganlar soni bugun kun sayin oshib bormoqda. Ayniqsa, Osiyo va Yevropa davlatlaridan keladigan sayyohlar ko‘p bo‘ladi. Bizga Hindiston, Turkiya, Ozarbayjondan badiiy jamoalar, avvalgi festivallarda qatnashgan san’atkorlar aloqaga chiqib, tanlovdan tashqari bo‘lsa-da, o‘z dasturlarini namoyish etish, “Sharq taronalari”ni tomosha qilish uchun kelish niyatida ekanliklarini bildirishdi. Yana Italiya, Fransiyadan ham sayyohlar ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Festival kunlarida Istanbuldan qo‘shimcha aviaqatnov amalga oshiriladi. Shuningdek, Toshkentdan Samarqandga ikkita aviaqatnov va bitta qo‘shimcha poyezd yo‘lga qo‘yiladi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (video), O‘zA muxbirlari