Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Samarqand mayizi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
17:45 / 2025-10-04

Qo‘shrabot tumanida ilk bor “Mayiz sayli” tadbiri tashkil etildi.

Samarqand viloyatining ko‘plab hududlarida uzum yetishtiriladi. Mamlakatimizda mavjud 181 ming gektar tokzorlarning 55 ming gektari Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Viloyatdagi tokzorlarning 44,5 ming gektarida mayizbop kishmish, 6,9 ming gektarida xo‘raki va 4,1 ming gektarida sanoatbop uzum navlari ekilgan. O‘tgan yil viloyat bog‘bonlari 663 ming tonna uzum hosili olgan bo‘lsa, joriy yil bu raqam 700 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Yilning birinchi yarmida Samarqanddan 2,7 mln dollarlik 2 ming tonna uzum va 53,7 mln dollarlik 34,2 ming tonna mayiz mahsuloti eksport qilingan.

[gallery-25604]

Viloyatning Qo‘shrabot tumani dalalarida yetishtirilayotgan uzum va mayiz mahsulotlariga nafaqat yurtimiz, hatto xorijda ham talab yuqori. Bugungi kunda tumandagi 13 ming 900 ga yaqin tomorqa va dehqon xo‘jaliklari 7 ming gektardan ortiq maydonda uzum yetishtiriladi. Bu bog‘-tokzorlardan har yili 50-55 ming tonna hosil olinadi va uning katta qismi mayiz qilinadi hamda eksportga chiqariladi. Bir paytlar faqat chorvachilik bilan dong taratgan Qo‘shrabotda bugungi kelib mayizchilik asosiy drayverga aylandi. Shuning uchun Samarqandda ilk bor o‘tkazilayotgan “Mayiz sayli” asl bog‘bonlar, mahoratli mayiz yetishtiruvchilar yurti bo‘lgan Qo‘shrabotda tashkil etildi.

Tadbirda qo‘shrabotlik dehqon va fermerlar bilan birga yurtimizning boshqa hududlaridan ham bog‘bon va tadbirkorlar, uzum yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar qatnashdi.  

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev mayiz sayli qatnashchilarini tabriklab, viloyatda uzumchilikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berdi.

Viloyat rahbari ayni paytda Qo‘shrabot, Ishtixon, Payariq, Urgut, Samarqand, Bulung‘ur va Toyloq tumanlarida uzumchilik agrar sohaning asosiy serdaromad tarmoqlaridan biriga aylanganini qayd etib, yangi va serhosil uzum navlari yaratilayotgani, xorijga mayiz eksporti yil sayin oshib borayotganini ta’kidladi.  

– Har bir hududning tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib yangi tokzorlar barpo etilmoqda, invitro usulida tok ko‘chatlari yaratilyapti, – dedi A.Boboyev. – Masalan, Qo‘shrabotda “Avatar”, “Gigant (Sirliboy)” kabi uzum navlarini yetishtirish kengaydi. Yil sayin bu navdagi tokzorlar ko‘paytirib borilmoqda. Tokzorlardan samarali foydalanish hamda daromadni oshirish uchun uzumzorlarni bosqichma-bosqich shpalerga ko‘tarish ishlari amalga oshirilmoqda Yangi ekilayotgan tokzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilib, suv sarfi kamida barobarga qisqarmoqda hamda o‘g‘itlash jarayonlari osonlashmoqda. Eng muhimi, bu usul hosildorlik va sifatga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugungi kundagi asosiy vazifamiz uzum yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilib, yuqori daromad olishdir. Buning uchun albatta ilm, tajriba va innovatsiya kerak. Bu borada ham tumanlarimizda amaliy ishlar boshlandi va uni yanada rivojlantirish choralarini ko‘ramiz.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri A.Toshqulov “Samarqand mayizi” geografik ko‘rsatkich, “Qo‘shrabot mayizi” tovar belgisi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Bu haqdagi guvohnomalar Samarqand viloyati va Qo‘shrabot tumani hokimlariga topshirildi.

Mayiz sayli bu faqat bozor emas, o‘ziga xos hosil bayrami ekanligi, an’analarni asrab-avaylash, yoshlarni mehnatsevarlik, yurtga muhabbat ruhida tarbiyalash va, eng muhimi, tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki berishi ta’kidlandi hamda mazkur festivalni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazishga qaror qilindi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari