Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand mahalliy byudjetining 2026 yilgi xarajatlari qariyb 9 trillion so‘m etib belgilandi
18:08 / 2025-12-29

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining bugun o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida viloyatning 2026 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi hamda viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi mas’ullari “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2026 yilgi daromadlari 7 trillion 200 milliard so‘m va xarajatlari 8 trillion 903 milliard 300 million so‘m etib belgilanganini ma’lum qildi. Viloyat byudjeti zaxira jamg‘armasi hajmi 47 milliard  900 million so‘m miqdorida bo‘lishi qayd etildi.

Kelgusi yilda viloyat mahalliy byudjeti xarajatlarining 758 milliard 860 million so‘mi sog‘liqni saqlash sohasiga, 622 milliard 233 million so‘mi maktabgacha va maktab ta’limiga yo‘naltiriladi.  

Sessiyada viloyatning 2026 yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosati ham tasdiqlandi. Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning kelgusi yil uchun stavkalarini e’lon qilib, deputatlardan ularni tasdiqlab berishlarni so‘radi.

“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi  qonunga ko‘ra, Kadastr agentligining “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan hujjatlar asosida 693 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqi qonuniy tartibda e’tirof etildi.  

Deputatlar kelgusi yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmining 8 foizga o‘sishini ta’minlash, ishsizlik darajasini 3,2 foizga va kambag‘allik darajasini 2,5 foizga pasaytirish kabi maqsadlar nazarda tutilgan Samarqand viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini ham tasdiqladilar.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri