Buning uchun Samarqand shahrida “Kashtachilik amaliy markazi” tashkil etiladi va milliy kashtachilikda Samarqand an’analarini saqlash, davom ettirish, kelgusi avlodlarga yetkazish choralari ko‘riladi. Muhimi, ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlanadi va ular daromad manbaiga ega bo‘ladi, qizlarga momolardan meros hunar o‘rgatiladi.
– Samarqandga kelayotgan xorijlik sayyohlarda milliy hunarmandchiligimizga qiziqish juda yuqori, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebo Saidova. – Jumladan, kashtado‘z va zardo‘zlarning qo‘l mehnati orqali yaratgan buyumlarini doim hayrat bilan tomosha qilishadi, bundan zavqlanishadi. Lekin, to‘g‘risini aytishimiz kerak, keyingi paytda zamonaviy texnologiyalarning bu sohaga ham kirib kelishi natijasida kashta tikadiganlar, zardo‘zlik qiladiganlar kamayib ketdi. Hamma yumushni texnika bajarmoqda. Ammo qo‘lda tayyorlangan hunarmandlik, xalq amaliy san’ati namunalarining qadri baland, ularga ehtiyoj yuqori. Xususan, xorijliklar ham texnika yordamida tikilgan do‘ppi, kashta yoki boshqa shu kabi buyumlarni emas, asl qo‘l mehnati orqali yaratilgan buyumlarni ko‘proq xohlashadi, xarid qilishadi. Masalan, Samarqand hunarmandlar markazi, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasiga borsangiz hunarmandlar ustaxonalari doim sayyohlar bilan gavjumligiga, ular tikkan yoki yasagan buyumlar xaridorgirligiga guvoh bo‘lasiz. Shuning uchun bu yil Samarqand shahrida “Kashtachilik amaliy markazi”ni tashkil etib, bu joyni yana bir turistik maskanga aylantirishni, xotin-qizlarimiz bandligini ta’minlashni rejalashtirdik.

Bunda dastlab 20 nafar hunarmand ayollar va san’atshunos olimalar birgalikda qadimiy kashtalar nusxalarini tiklashadi, kashtachilikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mahsulot tayyorlashni boshlashadi. So‘ngra mahallalardagi 150 nafar xotin-qiz bu hunar bilan shug‘ullanib, buyurtma asosida kashta tikishadi. Yosh qizlar uchun “ustoz-shogird” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. O‘rganishlarimiz hozircha Ozarbayjon va Turkiya davlatlarida milliy kashtalarimizga talab borligini ko‘rsatmoqda. Tayyor bo‘lgan mahsulotlarni tadbirkor xotin-qizlar yordamida ushbu davlatlarga chiqaramiz.
Keyinchalik bunday markazlar Urgut, Samarqand tumanlarida tashkil etiladi. Nurobod va Qo‘shrabot tumanlarida esa jundan gilam to‘qish va boshqa mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha mavjud loyihalarni kengaytirish ko‘zda tutilgan. Umuman, viloyat har bir hududining o‘ziga xos hunarmandchilik an’analarini tiklash orqali ayollarning bandligini ta’minlash, qizlarga hunar o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.
Z.Saidovaning qayd etishicha, bu yil viloyatdagi 89 ming nafardan ortiq xotin-qizning bandligi ta’minlash, 21 ming nafarini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish rejalashtirilgan. Jumladan, 650 nafar qizlar va uy bekalari hunarmandlarga biriktirish orqali kasb-hunar o‘rganadi. Viloyatdagi 51 ta mahalla xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etiladi. Tikuvchilik, yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, qandolatchilik, to‘quvchilik kabi yo‘nalishlarda 58 ta loyiha bo‘yicha xotin-qizlarning jamoaviy guruhlari shakllantirilib, 3400 dan ortiq ayollar kasanachilik asosida ish bilan ta’minlanadi.
Samarqand shahridagi “Oila va xotin-qizlar maskani” qoshida tadbirkor ayollar tomonidan “Xotin-qizlarni rivojlantirish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Markaz o‘z faoliyatini ta’lim va ma’rifat, tadbirkorlik va innovatsiya, ijtimoiy faollik yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib boradi va xotin-qizlarni har tomonlama rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Samarqand tumanining 37 mahallasida faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan “Sog‘lom hayot markazi”da xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ortiqcha vazn, erta tug‘ruq va nogiron farzandlar tug‘ilishini oldini olishga qaratilgan dasturlar amalga oshiriladi. Markazlarga sport murabbiylari, diyetolog, nutritsolog, psixolog va boshqa mutaxassislar jalb qilinadi.
Keyinchalik bunday markazlar barcha tuman va shaharlarda tashkil etiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri