Tashrifdan tashrifgacha
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har gal Samarqandga tashrif buyurib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha loyihalar bilan tanishib, faollar bilan uchrashganida bu qadimiy va hamisha navqiron kentning turistik salohiyatidan samarali foydalanish, mazkur tarmoqni iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirishga e’tibor qaratadi. Shu bilan birga bu yerdagi muqaddas qadamjolarni obod qilish, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, yosh avlodni ularga munosib bo‘lishga da’vat etadi.
Davlatimiz rahbarining 2019 va 2021 yillardagi tashriflarida ham bu jihatlar ustuvor ahamiyat kasb etib, bir qator yangi loyihalarni amalga oshirishga kirishilgan edi. Shu asosda Samarqandda xalqaro aeroportni modernizatsiya qilish, eshkak eshish kanali atrofida Samarqand turizm markazini qurish, Imom Buxoriy majmuasini rekonstruksiya qilish, shahar yo‘llarini kengaytirish va kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida yangi turar joy massivlari bunyod etish kabi ishlar boshlangandi. Ushbu qurilish-bunyodkorlik ishlari natijasida Samarqand qiyofasi kun sayin o‘zgarib, tarixiy qudratiga mos zamonaviy ko‘rinish kasb etmoqda.
1967 yilda qurilgan Samarqand xalqaro aeroportida amalga oshirilgan ishlar natijasida yangi terminal, uchish-qo‘nish yo‘lagi, turargoh va boshqa ob’ektlar barpo etildi. Endilikda Samarqand “havo darvozasi”da 17 ta yangi muntazam xalqaro yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida belgilanganidek, joriy yilning martiga qadar Samarqand xalqaro aeroportini yirik transport xabiga aylantirish chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Bunda mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar soni haftasiga 7 tadan 20 tagacha, geografiyasi 4 ta yo‘nalishdan 5 tagacha oshiriladi. Xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar soni haftasiga 25 tagacha, geografiyasi 4 ta yo‘nalishdan 8 tagacha ko‘paytiriladi. «Ochiq osmon» rejimini joriy etish hisobiga 8 ta xorijiy aviakompaniyani jalb qilish va 17 ta yangi muntazam xalqaro yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Turistlar oqimini keskin ko‘paytirish maqsadida Samarqand xalqaro aeroportining mahalliy temir yo‘l va avtobus qatnovlariga bog‘langan, ilk bor xususiy boshqaruvga berilgan yangi terminali ishga tushiriladi. Aeroportda kargo xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda viloyatga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini kengaytirish zarurligini ta’kidlagan edi. Shunga muvofiq, majmuaning yangi loyihasi ishlab chiqildi. Prezident huzurida bir necha bor taqdimot qilinib, takomillashtirildi. 2021 yil 15 aprel kuni davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi chog‘ida, muborak Ramazon kunlarida ushbu ziyoratgohning qurilishi boshlangandi. Ayni paytda bu yerda ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 7 fevral kuni poytaxtda bir nechta qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanisha turib, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasining ichki va tashqi chizmalari taqdimotiga alohida e’tibor qaratganini e’tirof etish joiz.
Majmua 10 ming o‘rinli masjid, 21 gektar maydonda ulug‘ ajdodlarimizning diniy merosi va moddiy madaniy meros ob’ektlarini aks ettiruvchi tematik xiyobon, 4 va 3 yulduzli 3 ta mehmonxona va 24 ta oilaviy mehmon uylaridan iborat bo‘ladi. Shuningdek, 3 ming nafar ziyoratchiga xizmat ko‘rsatuvchi “halol” standartiga ega umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ziyorat turizmi majmuasi barpo etiladi.
Eshkak eshish kanali atrofida zamonaviy turistik markaz qurilishi tufayli Samarqand shahri va tumanini bir-biri bilan bog‘laydigan Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi zamonaviy shaharsozlik talablariga javob beradigan loyiha asosida qayta qurildi. Ko‘chaning Samarqand tumani hududidagi qismi kengligi 42 metrga yetkazildi. Asosiy avtomobil yo‘lidan tashqari, mahalliy yo‘l, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etildi. Ko‘chaning Shohi Zinda va Sadriddin Ayniy ko‘chalari kesishmasigacha bo‘lgan qismi 24 metr enlilikka yetkazildi. Ko‘cha bo‘ylab tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilib, manzarali daraxtlar va yashil maydonlar yaratildi. Avtobus bekatlari, oshxona, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurildi.
E’tiborlisi, ko‘chaning ikki tomoniga temir-beton va monolit lotoklar o‘rnatildi. Ko‘chaning M-39 avtomobil yo‘liga chiqish joyida monolit usulida ko‘prik barpo etildi.
212 gektar maydonni egallagan Samarqand turizm markazida ham ayni paytda qurilish ishlari avj pallaga kirgan. Bu yerda besh va to‘rt yulduzli 8 ta mehmonxona, yirik anjumanlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan kongress xoll, dam olish maskanlari, “Abadiy shahar” karvonsaroyi bunyod etilmoqda. Bu maskan xalqimizning o‘ziga xos boy milliy-madaniy merosi va qadriyatlarini namoyon etadigan maskan bo‘ladi.
Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida bunyod etilgan tonnel shaklidagi yo‘l o‘tkazgich ham Samarqand shahri yo‘l infratuzimlasida yangi loyiha bo‘lib, transport vositalari va piyodalarning xavfsiz va barqaror harakatlanishiga zamin yaratdi.
Yer osti tonnelini barpo etish bilan birgalikda Rudakiy ko‘chasida “Siyob dehqon bozori – Samarqand temir yo‘l vokzali” yo‘nalishida, avtomobil yo‘li, piyodalar va velosiped yo‘laklari, tramvay yo‘li, qanot yo‘llari, svetofor boshqaruvi tizimi yaratildi. Hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, mazkur chorraha yaqinida, Bo‘stonsaroy ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida Siyob kanalida 6x3 metr bo‘lgan to‘g‘ri to‘rtburchakli galereya qurildi. Yo‘l kengaytirilib, transport vositalari va piyodalar qatnovi uchun har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Yo‘lning ikki chetida himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi to‘siqlar o‘rnatildi. Piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lak barpo etildi.
Ayni paytda shaharning Sadriddin Ayniy ko‘chasini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.
Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining har bir tashrifidan so‘ng Samarqandda bu kabi qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari keng ko‘lam va yangicha suratda amalga oshirilib, tanib bo‘lmas qiyofa kasb etmoqda. Shu jihatdan Shavkat Mirziyoyevning bu galgi tashrifi ham Samarqand va samarqandliklar hayotida yangi sahifa ochishi, hudud rivoji, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar bildirilishi shubhasiz.
[gallery-5709]
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA