Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda namuna bo‘lishi kerak
10:44 / 2025-11-27

Prezident tashrifidan so‘ng

25 noyabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida davlatimiz rahbari endi Samarqand ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya, eksport, umuman barcha sohada metodik viloyat bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Yangi tayinlangan hokimga ham yangi ish o‘rinlari yaratish va aholini kambag‘allikdan chiqarish eng asosiy vazifalar qatorida belgilab berildi.  

Bugungi kunda 4 million 328 ming nafardan ortiq viloyat aholisining 2 million 232 ming nafarini mehnat resurslari, 1 million 662 ming nafarini iqtisodiy faol qatlam tashkil etadi. Ish bilan band bo‘lganlar soni 1 million 581 ming nafardan ortiq bo‘lsa, ishsizlar 80 ming nafar bo‘lib, ishsizlik darajasi 4,8 foiz bo‘lib turibdi.

– Yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushirish rejalashtirilgan, – deydi Samarqand viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Temur Mahmudov. – Lekin kecha davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar, oldimizga qo‘yilgan vazifalar asosida kelgusi bir oyda barcha kuch va vositalarimizni ishga solib, bu raqamni yana ham qisqartirishga harakat qilamiz. Albatta, bunga imkoniyatlarimiz bor. Chunki, yilning to‘qqiz oyida davomida 37 ming 422 ming nafar fuqaroning  ishga joylashishiga ko‘maklashib, yil boshida oldimizga qo‘ygan vazifalarni bajarishga erishdik. Jumladan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan 4891 nafar fuqaro zaxiralangan ish o‘rinlariga joylashtirildi. Muddatli xarbiy xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgan yigitlarning 393 nafari doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 23 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanyapti, 1425 nafari o‘zini o‘zini band qilgan shaxs sifatida mehnat qilmoqda. Jazodan ozod etilgan 116 nafar yurtdoshimiz ham o‘z layoqati, mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlandi, zaruratga qarab kasb-hunarga o‘qitildi.

Ishsiz fuqarolarning bandligiga ko‘maklashish, ularni bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirish maqsadida yil boshidan buyon 213 marta bo‘sh ish o‘rni mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Bu yarmarkalar orqali 4301 nafar fuqaroning ishga joylashishiga ko‘maklashildi, 925 nafar fuqaro kasb-hunarga jalb qilindi.

Boshqarma boshlig‘ining qayd etishicha, davlatimiz rahbarining 2025 yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 2025 yilda Samarqand viloyatida 320 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi tasdiqlangan. Jumladan, aholini doimiy ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb etish orqali 221,3 ming, investitsiya loyihalari hisobiga 23,8 ming, qishloq xo‘jaligi sohasida 64,3 ming, qurilish sohasida 10,6 ming kishining bandligini ta’minlash belgilangan. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari qarorlari bilan tasdiqlangan reja-grafiklarga asosan joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 246 ming aholini band qilish rejalashtirilib, amalda 294,7 ming aholi (120 foiz) daromadli mehnat bilan band qilindi. Yil yakuni bilan bandlik dasturi 360 mingtaga (112 foiz) bajarilishi prognoz qilinmoqda.  

Davlatimiz rahbarining shu yil 17 yanvarda qabul qilingan “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Samarqand viloyatida ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitishning vaucher tizimi joriy qilindi.

– Bugungi kunda viloyatimizda band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi 6 ta kasbiy ko‘nikmalar markazi hamda aholini kasb-hunarga o‘qitish maqsadida vazirligimizning ecosys.mehnat.uz dasturidan o‘tgan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufidagi 28 ta kasb-hunar maktabi va 29 ta nodavlat ta’lim muassasasi mavjud – deydi Temur Mahmudov. – Yil boshidan buyon ushbu markaz va maktablarda 24 ming nafar ishsiz fuqaro, asosan xotin-qizlar va yoshlar o‘zlari istagan 36 yo‘nalishda kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitildi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida berilayotgan imtiyozli kreditlar aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishning muhim omili hisoblanadi. Viloyatda ushbu yo‘nalish bo‘yicha joriy yilning 9 oyida 24,4 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga 370 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lib, ushbu moliyaviy manbalar mahallalarda ishsizlar, yoshlar va xotin-qizlarning kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qo‘l kelmoqda.  

Samarqand viloyatida yil boshidan 321 ming nafardan ortiq a’zolari bo‘lgan 70 ming 285 oila kambag‘allik reyestriga kritilgan va yil davomida 35 ming 663 oila (a’zolari 163 ming 384 nafar)ni kambag‘allikdan chiqarish rejasi tasdiqlangan. O‘n bir oyda 31 ming 736 ta oilaga tuzilgan individual reja asosida daromadini oshirishga qaratilgan 66 mingga yaqin xizmat ko‘rsatildi. Jumladan 26 ming 343 kishi doimiy ishga joylashtirilgan, 27 ming 862 kishi tadbirkorlikka jalb etilgan, 8906 nafariga kredit va subsidiya mablag‘lari ajratilgan hamda 2790 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan. Kambag‘al oilalarga ko‘rsatilgan xizmatlar natijasida yilning o‘tgan davri mobaynida 155 ming 200 kishidan iborat 36 ming 780 ta oila kambag‘allik reyestridan chiqarildi. Yil yakuniga qadar yana 25 ming nafarga yaqin a’zosib bo‘lgan 4702 oilani reyestridan chiqarish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Temur Mahmudovning aytishicha, bugungi kunda viloyatdagi 13357 ta korxona va tashkilotda 36 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud. Albatta, bu ish o‘rinlarining asosiy qismi uchun o‘rta maxsus yoki oliy ma’lumot talab etiladi. E’tiborlisi, zarurat bo‘lsa, o‘rta maxsus ma’lumot olish uchun hozir ham imkoniyat bor. Gap yurtdoshlarimizning qonuniy ishlab, daromad topish, nafaqat buguni, balki ertaga – pensiya yoshiga yetganida davlat ta’minotidan bahramand bo‘lishni o‘ylab mehnat qilishida.

G‘olib Hasanov,  

O‘zA muxbiri