Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand hunarmandchiligi sayyohlarni maftun etmoqda (+video)
20:15 / 2025-10-15

18 oktyabr – Samarqand shahri kuni

Samarqand – jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lib, ko‘p asrlar davomida hunarmandchilik an’analari rivoj topgan bebaho shahar hisoblanadi. Misgarlik, kulolchilik, ipak to‘qimachilik va qog‘oz ishlab chiqarish kabi sohalar bu yerda nafaqat moddiy madaniyatning bir qismi, balki xalq ruhi, sabri va mahoratining ifodasi sifatida avloddan-avlodga o‘tib kelgan.

Bugungi kunda ham Samarqand hunarmandlari yaratayotgan mahsulotlar mahalliy va jahon bozorlarida katta talabga ega. Sayyohlar bu shaharga nafaqat Registon yodgorligi yoki Shohi Zinda majmuasini ko‘rish uchun, balki mahalliy ustalarning mehnatiga guvoh bo‘lish maqsadida ham tashrif buyurishadi.

Samarqandning Konigil mahallasida joylashgan “Meros” qog‘oz fabrikasi hozirgi kunda sayyohlar uchun eng diqqatga sazovor manzillardan biriga aylangan. Bu yerda ustalar asrlar davomida yo‘qolib ketgan texnologiyalarni qayta jonlantirib, tut daraxti novdalaridagi tolalardan haqiqiy Samarqand qog‘ozini tayyorlaydi.

Fabrika ishchisi Alisher Mamatovning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda VII-VIII asr texnologiyalari asosida qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqariladi.

– Biz qog‘oz ishlab chiqarishda qadimiy usullardan foydalanamiz. Konigilda o‘sha zamonlarda yuzdan ziyod ustaxona faoliyat yuritgan va har biri o‘z muhriga ega bo‘lgan. Samarqand qog‘ozi jahonda eng sifatli mahsulotlardan biri sifatida tanilgan. 1995 yilda mahalliy hunarmand Zarif Muxtorov tashabbusi bilan bu an’ana qayta tiklandi. Hozirda “Meros” fabrikasida qog‘oz tayyorlash jarayoni to‘liq qo‘l mehnatiga asoslangan. Ustalar po‘stloqni qaynatib, tuyib, silliqlab, chig‘anoq yordamida yaltiroqlik bergunicha mehnat qiladilar. Bu mehnat mahsuli esa o‘ziga xos yumshoqlik va jozibali rangga ega “ipak qog‘oz”dir, – dedi A.Mamatov.

Fabrika ishchisi Habiba Po‘latova esa asosan mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Uning ta’kidlashicha, qog‘oz ishlab chiqarishdagi qadimiy usullar bu yerga keluvchilarni hayratga solmoqda.

– Har bir mehmonlarga qog‘oz tayyorlanish jarayonini ko‘rsatamiz. Ular o‘z qo‘llari bilan tajriba qilib ko‘rish imkoniga ham ega bo‘ladi. Sayyohlar bu yerda nafaqat milliy an’analarimiz bilan tanishadi, balki do‘konimizdan esdalik sovg‘alar ham xarid qiladi. Konigil 2020 yilda “turistik qishloq” maqomini olganidan so‘ng bu maskan yanada obod bo‘ldi. Siyob daryosi bo‘yidagi sayrgohlar, hunarmandlar ustaxonalari va milliy oshxona mehmonlarga nafaqat dam olish, balki madaniyatimiz bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi, – deya ta’kidladi u.

Samarqand hunarmandchiligining yana bir iftixori – “Samarqand –Buxoro ipak gilami” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi. Bu qo‘shma korxonada tayyorlanadigan gilamlar tabiiy ipak tolalari va organik bo‘yoqlar asosida to‘qiladi. Har bir gilam o‘zbek xalqining an’anaviy naqshlari, tabiat go‘zalligini aks ettiruvchi o‘simlik bezaklari va tabiiy ranglar uyg‘unligini mujassam etadi

Fabrika 1992 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, hozirda uning uchta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. Korxonada 200 nafardan ortiq ishchi mehnat qiladi. Ularning aksariyati xotin-qizlardir.

Korxona ishchisi Gulnoza Shukurovaning ta’kidlashicha, gilam to‘qish juda katta sabr va diqqat talab qiladigan mehnatdir.

– Har bir ipni to‘g‘ri bog‘lash, har bir rangni uyg‘unlashtirish mayda tafsilotlardek tuyuladi, ammo aynan ular gilamning yuragidagi go‘zallikni belgilaydi. Men bu yerda 1996 yildan beri ishlayman va har bir gilamda o‘z mehrimni qoldiraman. Bugungi kunda korxonamizda to‘qilgan gilamlar nafaqat mahalliy bozorlarda, balki xorijiy ko‘rgazmalarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ularning nafisligi va tabiiy jozibasi ko‘pgina sayyohlar uchun o‘zbek hunarmandchiligining brendiga aylangan, – dedi G.Shukurova.

Muxtasar aytganda, Samarqand hunarmandchiligi – bu nafaqat moddiy madaniyatimizning ajralmas qismi, balki xalqimiz asrlar davomida shakllantirgan mehnat madaniyati va yuksak zehnining ifodasidir. Qog‘oz, gilam, kulolchilik yoki misgarlik bo‘ladimi, har bir sohada ustalarning mehri, ijodi va milliy g‘ururi mujassam. 

Bugun bu an’analar zamonaviy infratuzilma bilan uyg‘unlashib, yangi turizm yo‘nalishlariga ham xizmat qilmoqda. Samarqand hunarmandchiligi nafaqat tarixiy xotira, balki mamlakatning madaniy qiyofasini dunyoga namoyon etayotgan betakror merosdir.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Tghgh4su0Qk" title="Samarqand hunarmandchiligi sayyohlarni maftun etmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, Anvarxo‘ja Ahmedov ( montaj), O‘zA