Xabar berganimizdek, Samarqandda BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi (CMS COP14) o‘tkazilmoqda.
Kecha forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, tadbirda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar mas’ullari so‘zga chiqib, “COP14”da muhokama etilayotgan masalalar va uning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Forum qatnashchilarining bugungi kunda dunyo mamlakatlarida mazkur konvensiyaning ijrosi va 14-yig‘ilish yuzasidan fikrlari bilan qiziqdik.

Abdushukr Hamzayev, O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi raisi:
– Samarqandda o‘tayotgan mazkur tadbir amaliy va nazariy ahamiyatga ega. Yig‘ilish shiorida qayd etilganidek, tabiat chegara tanlamaydi. Tadbir pandemiyadan oldin Hindistonda konvensiyaga a’zo 133 davlat ishtirokida o‘tkazilgandi. Bu gal O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan 14-yig‘ilishda ham xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardan mingdan ortiq mehmonlar qatnashmoqda va bugungi iqlim o‘zgarishlari sharoitida yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini asrab-avaylash, bu borada hamkorlikda amalga oshirilish kerak bo‘lgan masalalarni muhokama etmoqda. Mazkur forumning mamlakatimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonning ekologik siyosati xalqaro miqyosda tan olingani va keyingi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasidir. Davlatimiz rahbarining forum qatnashchilariga tabrigida ham bu boradagi ishlar qayd etilgan holda iqlim o‘zgarishlarning oldini olish borasidagi vazifalarga e’tibor qaratilgan.
Rodney Jekson, Qor qoplonini saqlash bo‘yicha tashkilot prezidenti:
– Bugungi kunda dunyoning 12 davlatida 1 million 400 dan ortiq qor qoploni mavjud. Jumladan, ushbu mintaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Mo‘g‘ulistonda bu tur uchraydi. Bu mamlakatlar orasida O‘zbekiston va Tojikiston qor qoploni ko‘payishi, asrab-avaylanishi uchun qulay joy hisoblanadi. Chunki bu yerda tog‘li joylar ko‘p. 2014 yilda O‘zbekistonga kelganimda 25 bosh atrofida qor qoploni borligi haqida ma’lumot olgandim. Bugun esa bu raqam 70 dan oshganishi eshitib xursand bo‘ldim. Bu davlatingizning tabiatga, yovvoyi hayvonlarga ijbiy munosabatidan dalolat beradi.

Keshaf Varma, Qor qoplonini saqlash global dasturi bosh direktori:
– Avvalo, mazkur tadbirning yuksak saviyada tashkil etilgani va konvensiyada belgilangan vazifalar samarali ijro etilayotgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman. Jumladan, qor qoplonini asrab-avaylashga e’tibor oshgani bizni xursand qildi. Bu munosabat ilmiy asoslangani bilan ahamiyatli, ya’ni bir qator dasturlar qabul qilingan, chora-tadbirlar belgilangan. Biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz.Tadbir doirasida kecha Qor qoploni va ekotizimlarni muhofaza qilish bo‘yicha global dastur (GSLEP) boshqaruv qo‘mitasining vazirlar yig‘ilishini o‘tkazdik. Unda global isish va muzliklarning erishi bilan qor qoplonlarining yashash muhiti o‘zgarayotgani, ushbu turni asrab-avaylash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish muhimligini inobatga olib, Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Rezolyutsiyada yuqori tog‘li hududlarga, qor qoploni yashaydigan joylar ekotizimiga e’tibor berish, jahon banki va boshqa tashkilotlar tomonidan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish, davlatlar va odamlarning yovvoyi hayvonlarga munosabatini yana ham yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/dtgWTbVnFJU" title="Samarqand forumi tarixiy ahamiyatga ega" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, A.Isroilov (video),
O‘zA muxbirlari