O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining tegishli buyrug‘i bilan Qurbonov Adham Baxronovich Samarqand viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
1982-yilda tug‘ilgan Adham Qurbonov mehnat faoliyatini Toshkent viloyati tabiatni muhofaza qilish boshqarmasida boshlagan. Tayinlovga qadar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida ishlab kelayotgan edi.
***
Kattaqo‘rg‘on tuman Yonboshsoy mahallasida yashovchi fuqaro Y.G‘. ushbu hududda o‘sib turgan 1 tup tol va 4 tup terak daraxtlarini noqonuniy kesib olgani aniqlandi. Natijada tuman ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobari (10 million 300 ming so‘m) miqdorida jarima va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 17 million 304 ming so‘m jarima qo‘llanildi.

***
Paxtachi tumani ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan kuzatuv reyd tadbiri chog‘ida tumanning Shamsi Nazarov mahallasida istiqomat qiluvchi Sh.I. o‘ziga tegishli bo‘lgan “Isuzi” rusumli yuk mashinasida o‘z xonadonida hosil bo‘lgan har xil turdagi maishiy chiqindilarni Mirzo Ulug‘bek nomli mahalla hududida, belgilanmagan joyga tashlayotgani qayd etildi. Davlat inspektorlari tomonidan tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilib, Sh.I.ga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari (1 million 236 ming so‘m) jarima tayinlandi.

G‘.Hasanov, O‘zA