Ishchi tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turgan Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov boshchiligidagi delegatsiya ushbu mamlakat mintaqalari rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Erkinjon Turdimov kecha Lyu Syan boshchiligidagi Szinan shahri rahbariyati bilan uchrashuvda yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun mezbonlarga minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston, xususan, Samarqand bilan uzoq tarixiy aloqalari mavjud bo‘lgan Shandun provinsiyasi bilan hamkorlik ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishini qayd etdi.


Uchrashuvda tomonlar Samarqand viloyati hokimi boshchiligida rahbarlar va tadbirkorlarning Xitoyga bu galgi tashrifi mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarda yangi sahifa ochishi va hamkorlik istiqbollariga xizmat qilishini ta’kidladilar. Bugun E.Turdimov Xitoy kommunistik partiyasi Shandun provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Lin U bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida joriy yilning sentyabr oyida Samarqandda o‘tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ayni tashrif davomida mintaqalar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri