Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov o‘tgan yil fevral oyida Yaponiyaning Tottori universiteti prezidenti Hiromtsu Nakajima bilan uzoq muddatli strategik hamkorlik shartnomasi imzolagan edi. Unga ko‘ra, Samarqand davlat universitetidaTottori universiteti vakolatxonasi ochilishi belgilangandi.
Ana shu kelishuv asosida Samarqand davlat universitetida Tottori universiteti vakolatxonasi tantanali ochildi.
Marosimda ikkala universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Hatori Takashi, O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov, JICA-O‘zbekiston ofisi rahbari Bito Yoshibumi qatnashdi.
Ushbu vakolatxonaning asosiy vazifasi Tottori universiteti olimlari tomonidan qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi innovatsion ishlanmalar va bilimlarni O‘zbekistonga transfer qilish, sinovdan o‘tkazish hamda amaliyotga keng joriy qilishga qaratilgani ta’kidlandi.
– Tottori universitetining SamDUdagi vakolatxonasi O‘zbekistonning 50 foizdan ortiq qismini egallagan qurg‘oqchil mintaqalardan samarali foydalanish, ushbu hududlarda chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va shu orqali aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladigan ishlanmalarni joriy qiladi – dedi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. – Ushbu vakolatxona oldiga qo‘yilgan maqsad-vazifalarni amalga oshirishda Tottori universiteti tarkibidagi Qurg‘oqchil mintaqalarni tadqiq qilish xalqaro markazi va uning yetakchi olimlari bevosita ishtirok etadi. Bu xalqaro markaz qurg‘oqchil mintaqalardan ilmiy asoslangan holda samarali foydalanish, xususan, sho‘rlangan va suvtaqchil hududlarda dehqonchilikni rivojlantirish bo‘yicha dunyo darajasida e’tirof etilgan Yaponiyadagi yagona markaz hisoblanadi. Universitetimizda ochilayotgan vakolatxona nafaqat agrar yo‘nalishda, balki muhandislik, axborot texnologiyalari sohalarida ham o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va bu boradagi yangi bilimlarni mamlakatimizga transfer qilishga yordam beradi.
Tadbirda vakolatxona faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi, asosiy vazifalar belgilab olindi. Jumladan, suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, chang-to‘zonlarning oldini olish, molekulyar genetika yutuqlari asosida qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli yangi navlarni yaratish bo‘yicha tadqiqotlarni olib borishga kelishildi.Agrar, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya sohalarida magistratura hamda doktorantura bosqichlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash rejalashtirildi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Ayni paytda Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida Tottori universiteti bilan hamkorlikda zamonaviy issiqxona qurilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri