Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand davlat universitetida xorijlik talabalar uchun kontrakt miqdori kamaytirildi
09:01 / 2022-06-07

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti bugungi kunda dunyoning 160 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yilgan. O‘ndan ziyod yo‘nalish bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilgan. Universitetda mahalliy professor-o‘qituvchilar bilan birga xorijlik mutaxassislar ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Oliy ta’lim muassasasining xalqaro hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda ma’lumot berildi.

– Universitetimiz dunyo oliy o‘quv yurtlarining top-1000 taligiga kirishi uchun albatta, xalqaro hamkorlik, o‘quv dasturlarining xalqaro talablarga moslashtirilishi muhim ahamiyatga ega, – deydi universitet prorektori Akmal Ahadov. – Xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining tashkil etilishi, xorijlik mutaxassislar tomonidan dars mashg‘ulotlari o‘tkazilishi, qo‘shma ta’lim dasturlarining hayotga tatbiq etilishi ushbu maqsad yo‘lidagi amaliy harakatlar hisoblanadi. Hozirda universitet talabalariga 80 nafardan ortiq xorijlik professor-o‘qituvchilar dars bermoqda. Ular orasida xalqaro Nobel mukofoti sovrindori, dunyo e’tirof etgan akademik, professorlar bor. Jumladan, AQSH, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Isroil, Turkiyadan mutaxassislar kelib, talabalarimizga dars o‘tyapti. Shuningdek, universitetimizda ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgan xorijlik o‘qituvchilar mavjud.

Turkiyalik yosh o‘zbekshunos doktorant Bayram Billur universitet filologiya fakultetida ilmiy tadqiqot ishlari olib borib, talabalarga ham saboq bermoqda.

– bugungi kunda Turkiyadagi yigirmadan ortiq universitetda o‘zbek tili o‘qitiladi, – deydi Bayram Billur. – Lekin mutaxassis kam. Shuning uchun O‘zbekistonga kelib, Samarqand davlat universitetida ilmiy ish qilishga qaror qildim. Bu yerda qadimiy turkiy yozuv bo‘yicha tadqiqotlar olib boryapman. Shuningdek, o‘zbek tilini puxta o‘rganyapman.

Hindistonlik professor Ravinder Gargish universitet ingliz tili kafedrasi mudirligiga tayinlangach, birinchi navbatda o‘quv jarayonlarini o‘zgartirishga qaror qilganini bildirdi.

– Ish boshlaganimda ikki muammoga duch keldim, – deydi Ravinder Gargish. – Birinchisi – o‘qituvchilarning dars o‘tish bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi talabalarning o‘qishga intilishining pastligi edi. Chet tilini o‘qitishda asosiy e’tibor grammatikaga qaratilar ekan. Biz esa buni o‘zgartirdik, avvalo ingliz tilida so‘zlashish ko‘nikmasini hosil qilishga e’tibor qaratdik. Amaliy mashg‘ulotlarni ko‘paytirdik. Natija yomon emas, talabalarimiz xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritmoqda, muhimi, til o‘rganishga qiziqishi ortyapti.

Qayd etilishicha, bugungi kunda universitet bakalavr yo‘nalishlarida 30 ga yaqin xorijlik talaba tahsil olmoqda. Chet ellik talabalarni ko‘proq jalb etish maqsadida, universitet moliyaviy va akademik mustaqilligi tufayli, 2022/2023 o‘quv yilidan universitetda chet ellik talabalar uchun bakalavriatda to‘lov kontrakt miqdori amaldagi 19 million 360 ming so‘mdan 11 million so‘mga tushirildi. Shuningdek, magistratura mutaxassisliklari uchun to‘lovlar 23 million 760 ming so‘m o‘rniga 9 million 151 ming so‘m etib belgilandi.

G‘.HASANOV, O‘zA