Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand davlat universiteti – Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining vorisi
18:21 / 2021-09-21

Samarqand davlat universiteti tashkil etilganligining 600 yilligi munosabati bilan 21 sentyabr – Universitet kuni, deb belgilangan.

Ushbu sana Samarqandda keng nishonlandi. Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining vorisi deb e’tirof etilayotgan Samarqand davlat universitetida “Turk dunyosida ta’lim, ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik va o‘zaro ta’sir” mavzusida xalqaro simpozium tashkil etildi.

Tadbir oldidan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari vakillari va xorijlik olimlar, viloyat jamoatchiligi vakillari Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek haykali poyiga gullar qo‘ydi.

[gallery-3979]

Registon majmuasidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida “O‘rta asrlarda Samarqanddagi oliy ta’lim ko‘rgazmasi” ochildi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tadbir qatnashchilari va Samarqand davlat universiteti jamoasini qutlug‘ sana bilan tabrikladi.

– Bu muborak kun aslida ilm-fan bayrami, ziyo ayyomidir. Bu tabarruk kun Samarqand zaminida ma’rifat quyoshi porlagan kundir, – dedi viloyat hokimi. – 1420 yil 21 sentyabr kuni Samarqandda Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasi ochilgan va tolibi ilmlarga ilk saboq berilgan. Mana o‘sha tarixiy kunga ham 600 yil to‘libdi. Bu o‘tgan davr ichida Ulug‘bek oliy madrasasining jahon ilm-faniga qo‘shgan beqiyos hissasi dunyo olimlari, xalqaro hamjamiyat va tashkilotlar tomonidan tadqiq etildi, tan olindi, e’tirof etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan oliy ta’lim tizimida boshlangan islohotlar natijasida Samarqand davlat universitetining ilmiy va kadrlar tayyorlash salohiyati yanada yuksaldi. Bundan besh yil oldin SamDU talabalarining soni 6000 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davr oralig‘ida tolibi ilmlar 30 ming nafarga yetdi. bugungi kunga kelib, Samarqand davlat universiteti jahonning eng nufuzli 160 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari bilan aloqa o‘rnatgan.

Marosimlarda Nobel mukofoti sohibi, AQSH Milliy Fanlar Akademiyasi a’zosi Aziz Sanjar ham faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi va simpoziumda ma’ruza qildi.

– Uzoq masofadan kelib Mirzo Ulug‘bek madrasasi va uning davomchisi Samarqand davlat universitetining 600 yillik tantanasida ishtirok etib turibmiz, - deydi Aziz Sanjar. – Bundan 30-40 yil avval turkiy davlatlar hamkorligi haqida na biz, na o‘zbek qardoshlarimiz gapira olardi. Mana bugun biz yana topishdik, qardoshlik rishtalarini mustakamlashga erishyapmiz. O‘tkazilayotgan xalqaro simpozium ham turkiy davlatlar o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov ilm dargohining tarixi Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasiga borib taqalishi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari, ushbu yo‘nalishdagi izlanishlar haqida so‘z yuritdi. Bu sa’y-harakatlar keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasi ekanini ta’kidladi.

Rustam Xolmurodov Samarqand davlat universiteti talabalari uchun Nobel mukofoti sohibi, AQSH Milliy Fanlar Akademiyasi a’zosi Aziz Sanjar stipendiyasi ta’sis e’tilishini ma’lum qildi.

Marosimda mamlakatimiz va xorijdagi oliy o‘quv yurtlari vakillari, olimlar so‘zga chiqdi.

– Samarqand davlat universiteti O‘zbekistondagi salohiyatli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi, – dedi Minsk davlat lingvistika universiteti rektori Natalya Lapteva. – bugungi ko‘rgazma va simpoziumda qatnashib, buning boisini angladim – universitet tarixi Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasi bilan bog‘liq ekan. Ushbu boy tarixni asrab-avaylash va davom ettirish borasida olib borilayotgan ishlar haqiqatdan ham tahsinga loyiq. Biz Samarqand davlat universitetining tajribalarini o‘rganish va bu dargoh bilan ilmiy hamkorlik qilishga tayyormiz.

Tadbirlar doirasida Samarqand davlat universiteti faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma, konsert dasturlari, mehmonlar uchun diqqatga sazovor joylarga sayohatlar tashkil etildi.

 

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA