Bugungi globallashuv davrida tibbiyot sohasini mamlakatlararo ilmiy hamkorliksiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ilm-fan va innovatsiyalar rivoji, mutaxassislar almashinuvi hamda ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish har qanday tibbiy ta’lim muassasasining raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillardan. Shu nuqtai nazardan, Samarqand davlat tibbiyot universitetidagi muhim uchrashuv xalqaro miqyosda e’tiborga loyiq voqea bo‘ldi.
Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri Zhejiang universiteti tibbiyot maktabi vakillarining SamDTUga tashrifi ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash va ilmiy tadqiqotlar sohasida yangi sahifa ochdi.
Tashrif chog‘ida Zhejiang universiteti tibbiyot maktabining 4-shifoxonasi vitse-prezidenti Tang Zhe boshchiligidagi delegatsiyani SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev samimiy kutib oldi. Uchrashuv davomida tomonlar onkologiya sohasida keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda talaba va xodimlar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Natijada, ikki oliygoh o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalalariga qaratilgan memorandum imzolandi. Mazkur hujjat hamkorlikni huquqiy jihatdan mustahkamlab, kelgusidagi loyihalar uchun mustahkam asos yaratdi.
Tashrif faqat rasmiy uchrashuvlar bilan cheklanib qolmadi. Xitoylik mutaxassislar SamDTU Onkologiya kafedrasida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini namoyish etdi. Jumladan, kombinirlangan laparoskopik jigar rezeksiyasi va jigar radioablyatsiyasi amaliyotlari bajarilib, mahorat darsi o‘tkazildi.
Bu amaliy mashg‘ulotlar nafaqat SamDTU talabalari va o‘qituvchilari uchun, balki butun O‘zbekiston tibbiyot jamoatchiligi uchun o‘ziga xos mahorat darsi bo‘ldi. Zamonaviy jarrohlik texnikalarining bevosita jarayonini kuzatish, mutaxassislardan amaliy ko‘nikmalar olish yosh shifokorlar uchun tajriba sanaladi.
Uchrashuv ilmiy hamkorlikning samarali namunasi bo‘ldi. Onkologiya sohasida qo‘shma tadqiqotlar, amaliy jarrohlik bo‘yicha tajriba almashinuvi va kadrlar malakasini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlar bo‘ldi.
Kelgusida ushbu hamkorlik nafaqat ikki oliygoh, balki butun O‘zbekiston tibbiyot tizimi rivojiga ijobiy turtki berishi, bemorlar uchun sifatli tibbiy xizmatlarning yanada kengayishiga sabab bo‘lishi kutilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA