Prezidentimizning 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlariga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan respublikamizdagi 35 ta yetakchi davlat oliy ta’lim muassasasiga moliyaviy mustaqillik berildi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab ular akademik va tashkiliy-boshqaruv sohasida bir qator vakolatlarga ega bo‘ldi.
Samarqand davlat chet tillar instituti mazkur qarorlar asosida ko‘plab huquq va vakolatlarga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan biridir.
– Bu chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan edi va ular bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhom To‘xtasinov. – Demoqchimanki, davlatimiz rahbari va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan 2020 yildan respublikamizdagi o‘nta oliy ta’lim muassasasi, xususan, bizning institutimiz tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan edi. Ikki yil davomida yangi tizimda ishladik va bu o‘zini oqladi. Bu nimalarda namoyon bo‘ldi?
Birinchidan, qabul kvotamiz ikki baravar ko‘paydi. 2021/2022 o‘quv yilida institutimizga 3200 ta kvota belgilandi (avvalgi o‘quv yilida 1600 atrofida edi). Bundan besh-olti yil avval institutimizda 2000 nafar talaba o‘qigan bo‘lsa, bugun ularning soni 11 ming nafardan oshdi.
Ikkinchidan, institutimiz va boshqa muassasalarimiz moddiy-texnika bazasini mustahkamlash imkoniyatlarimiz kengaydi. Chekka hududlardagi kollejlarimiz ta’mirtalab bo‘lib qolgandi, ularni ta’mirladik. To‘rt qavatli yangi axborot resurs markazi qurishni boshladik.
Talabalarimiz ko‘paygach, Samarqand shahar Gagarin ko‘chasida joylashgan sobiq kollej binosi bizga berildi. Mazkur binoni ham ta’mirlab, jihozladik. Talabalar va professor-o‘qituvchilari uchun zarar sharoit yaratdik. Hozir bu yerda 2,5 ming nafardan ortiq talaba o‘qiyapti. Kelgusida mazkur huddudan yana 1,5 ming o‘rinli o‘quv binosi qurishni rejalashtirganmiz.
Bundan tashqari, talabalar turar joyida ta’mirlash ishlari olib borildi, o‘rinlar soni ko‘paytirildi. Talabalar uchun bugungi kun talabiga mos shart-sharoit yaratib berildi. Lekin hozirda talabalarni turar joy bilan ta’minlash oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda davlat-xususiy sheriklik asosida 600 o‘rinli yangi talabalar turar joyi qurishni boshlaganmiz. Ammo talabalar sonini hisobga olsak, bu ham kamlik qiladi. Shu sababli keyinchalik yana qo‘shimcha binolar qurishni mo‘ljallaganmiz.
Yana bir jihatni aytib o‘tay, o‘tgan o‘quv yilida ijtimoiy muhofazaga muhtoj 67 nafar talabamizning kontrakt pulini institut hisobidan to‘ladik. 348 nafar iqtidorli yigit-qizlar, shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, yetim, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” dagi oilalar farzandlari bo‘lgan talabalarimizga institut hisobidan stipendiya berdik.
Endilikda bu imkoniyatlarimiz yana ham kengayadi. Qarorga ko‘ra, moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalari 2022 yil 1 yanvardan boshlab:
ta’lim xizmatlari bozoridagi talabni inobatga olgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash;
ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llay oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy yuqori malakali mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilashga oid qarorlar qabul qilish;
professor-o‘qituvchilar shtat birliklarini kiritish me’yorlarini ishlab chiqish;
o‘z mablag‘lari hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;
xorijiy davlatlardan o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalarni mualliflik huquqi bo‘lgan ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish va boshqa masalalar bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘ldi.
– Akademik mustaqillik sohasida esa ham huquq va vakolatlarimiz bir muncha kengaydi, – deya so‘zida davom etadi I.To‘xtasinov. – Endi o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida o‘zimiz tasdiqlaymiz.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun o‘qish davomiyligi muddatlarini, doktoranturada to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymatini, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qo‘shimcha ravishda qabul qilishni belgilashimiz mumkin. Magistratura bosqichida ta’limning sirtqi, masofaviy va kechki shakllarini joriy etish, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘sh malakalar, shu jumladan amaliy malakalar berish tizimini yo‘lga qo‘yish ham vakolatimizda bo‘ladi.
Bu masalalar ancha vaqtdan buyon bizni o‘ylantirib kelayotgan edi. Yaxshi bilasiz, oliy o‘quv yurtlarimizda magistraturada 2 yil o‘qish kerak. Bir qator xorijiy davlatlarda esa bu bir yil. Biz magistraturani takomillashtirib, kelgusida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanadiganlar uchun o‘qish muddatini 2 yil qoldirib, boshqalarga bir yillik qilishni mo‘ljallayapmiz.
Doktoranturaga talab yuqori bo‘lsada to‘lov-shartnoma asosida o‘qitilmaydi. Biz kontrakt asosida o‘qishni joriy etmoqchimiz.
Bulardan tashqari, o‘zaro kelishuvlar asosida oliy ta’lim muassasalari bilan akademik mobillikni amalga oshirish, oliy ta’lim muassasasi va uning tuzilmasidagi ta’lim muassasalari uchun o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish, ta’lim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish, doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlashni ham endilikda o‘zimiz belgilaymiz. Bularning barchasi shu kecha-kunduzda juda dolzarb bo‘lgan va yechimini kutayotgan masalalar edi.
Masalan, akademik mobillikni olaylik. bugungi kunda abituriyentlar beshta yo‘nalishni tanlab, imtihon topshiryapti va deylik, xorazmlik yigit yoki qiz bizning institutimizga o‘qishga qabul qilinmoqda. Ammo bu yerda o‘qish uchun sharoiti yo‘q. Bunday holatda biz Xorazmdagi oliy ta’lim muassasasi bilan akademik mobillik bo‘yicha kelishuv asosida talabani ota-onasi bag‘rida o‘qishini davom ettirishga sharoit yaratib berishimiz mumkin. Bu ham talabalar uchun yaxshi imkoniyat.
Darslik bilan ta’minlash ham ayni paytda eng og‘riqli masala. Endilikda o‘z grifimiz asosida darslik yaratib, o‘quv jarayonida foydalanishimiz mumkin.
Tashkiliy-boshqaruvda sohasida ham juda katta vakolatlar berildi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlardan qat’i nazar muassasaning tuzilmasini o‘zimiz tasdiqlaymiz va shtat birliklari sonini belgilaymiz. Mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqib, yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar ochishimiz yoki amaldagi ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklarni tugatishimiz mumkin. Bundan buyon pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni o‘zimiz belgilaymiz.
Shundan kelib chiqib, biz o‘qituvchilarni faqat 1 stavkada emas, 1,5 stavkagacha ishga olishni, xorijdan yuqori malakali mutaxassislar jalb qilishni rejalashtiryapmiz. Chunki, ayni paytda institutimizda Fransiya, Amerika, Turkiya, Yaponiya, Koreya, Germaniya, Misr kabi davlatlardan 18 nafar professor-o‘qituvchi talabalarimizga dars bermoqda. Shu bilan birga o‘qituvchilarimizning malakasini oshirishda ularning yordami katta bo‘lmoqda. Shuning uchun kelgusida yaxshi maosh to‘lab va zarur shart-sharoit yaratgan holda xorijdan mutaxassislarni ko‘proq jalb qilamiz. Bu orqali o‘quv jarayonini chet davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari singari tashkil etamiz, o‘qituvchi va talabalarimizning dunyoqarashi, tafakkurini o‘zgartirishga, xorij tajribasini o‘zimizda joriy etishga e’tibor qaratamiz.
Umuman, faoliyatimizda tub burilish yasaydigan bu ikki muhim qaror asosida Samarqand davlat chet tillar institutining konsepsiyasini yaratishni va institutni dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlari qatoriga olib chiqishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
G‘olib HASANOV, O‘zA