Toshkent shahrida o‘tkazilgan Islom olami madaniy merosi bo‘yicha qo‘mitaning 13-sessiyasi hamda “Samarqand shahri – 2025-yilda Islom dunyosi madaniyati poytaxti” tadbirlarining sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish ishtirokchilari Samarqandga sayohat qildi.
Mehmonlar Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi bilan tanishuv chog‘ida dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodimiz tomonidan o‘sha davrda amalga oshirilgan tadqiqotlar hayratlanarli bo‘lganini ta’kidladi. Mirzo Ulug‘bek va uning safdoshlari ilmiy faoliyat olib borgan maskan, bu joyning tarixi, bugungi ko‘rinishi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
[gallery-27632]
– Islom olami madaniy merosi bo‘yicha qo‘mitaning 13-sessiyasida ishtirok etayotgan xalqaro ekspertlar butun dunyo talpinadigan qadim Samarqandga kelib turganimizdan mamnunmiz, – deydi ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO)ning Boku mintaqaviy ofisi rahbari o‘rinbosari Maryam G‘afforzoda. – Samarqand nomini eshitgan har qanday kishi ilm-ma’rifat, madaniyat markazini ko‘z oldiga keltiradi. Shu bois Samarqand nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun islom olami uchun ahamiyatli shahardir. Bu qadimiy kentda islom rivoji uchun ulkan hissa qo‘shgan buyuk muhaddislar, fiqh olimlari tug‘ilib o‘sgan va mangu qo‘nim topgan. Shu jihatdan, 2025-yilda Samarqandning islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilingani bejiz emas. O‘ylaymanki, bu buyuk shahar qadimdan shakllanib kelgan ilm-ma’rifat, madaniyat poytaxti sifatida asrlar davomida o‘z shon-shavkatini saqlab qoladi.
Mehmonlar Shohi Zinda yodgorligi, Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi hamda Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida bo‘lib, xalqimiz bunyodkorlik salohiyati va boqiy madaniy merosi bilan yaqindan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari