Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand bioiqtisodiyot markazi tashkil etildi
17:14 / 2023-09-13

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida O‘zbekistonda bioiqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Latviya, Litva, Finlyandiya davlatlaridan, shuningdek, yurtimizdagi bioiqtisodiyot sohasi olimlari va eskpertlar qatnashdi.  

Yevropa Ittifoqining “YeRASMUS+” dasturi tomonidan moliyalashtiriladigan, Latviya hayot fanlari va texnologiyalar universiteti rahbarligidagi “BioYesUz” konsorsiumi tomonidan tashkil etilgan seminarda O‘zbekistonda bioiqtisodiyotni rivojlantirish imkoniyatlari, uning mohiyati, o‘rni, afzalliklari, tarmoq yondashuvidan farqlari, yagona bioiqtisodiy ekotizimda turli sub’ektlarning vazifalari va afzalliklari haqida so‘z yuritildi. Yevropalik olimlar bu boradagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.  

– Loyiha doirasida uch yildan beri o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda ishlayapmiz, – deydi xalqaro loyiha koordinatori, Latviya hayot fanlari va texnologiyalar universiteti vakili Irina Kulitane. – O‘zbekistondagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasi bilan kelishuvga erishganmiz. Bugun ushbu oliy o‘quv yurtlarida bioiqtisodiyot yo‘nalishida 23 nafar magistr tahsil olyapti. 

Kelgusi yilda ular O‘zbekistonda bioiqtisodiyot sohasi bo‘yicha birinchi qaldirg‘ochlar sifatida o‘qishni bitiradi va boshqaruv organlarida, oliy ta’lim muassasalarida bioiqtisodiyot sohasida ish boshlaydi. Loyiha doirasida kelgusida kelishuvga erishilgan institutlarda bioiqtisodiyot yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash davom etishi va rivojlanishi kerak. Shu maqsadda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida bioiqtisodiyot markazi tashkil etildi. Biz o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni ham bioiqtisodiyot bo‘yicha ta’lim berishga tayyorlashimiz kerak. Ular seminarlarda qatnashib, yevropalik olimlar bilan tajriba almashyapti.  

Seminarda mamlakatimizda tarmoq iqtisodiyotidan bioiqtisodiyotga o‘tish uchun ulkan salohiyat mavjudligi va yaqin kelajakda bioiqtisodiyot sohasi bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi, buning uchun yuqori malakali mutaxassislar kerakligi ta’kidlandi.  

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri