English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqand arxeologiya maktabi: tarix va zamonaviylik
15:24 / 2022-05-04

600 yillik tarixiga ega bo‘lgan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti o‘z bag‘rida yaratilgan ilmiy maktablari bilan dunyoga mashhur. Ana shunday peshqadam maktablardan biri bo‘lgan arxeologiya maktabi bugungi kunda jahon sivilizatsiyasi tarixi sahifalarini qadimiy va buyuk Samarqand madaniyati bilan boyitish yo‘lida faoliyatini dadil davom ettirib kelmoqda.

Tavalludiga bu yil 90 yil to‘lgan Mavlon Jo‘raqulov ushbu maktabning asoschilaridan biri va ilg‘or vakili edi.

M.Jo‘raqulov bir umr Zarafshon vohasi ibtidoiy davri, xususan, tosh davri jamoalarining madaniyat tarixi bilan shug‘ullandi va bu sohada arxeologiya ilmida sezilarli iz qoldirdi. O‘z ilmiy faoliyatini talabalik yillardayoq boshlagan bo‘lajak olim o‘sha davr O‘zbekiston tarixi va arxeologiyasining darg‘alari bo‘lgan Yahyo G‘ulomov, David Lev va Mahmud Aminovlarning nazariga tushdi. Ulardan ilm sirlarini o‘rgandi. Ya.G‘ulomov boshchiligidagi O‘zbekiston arxeologik ekspeditsiyasining Zarafshon vohasi miqyosidagi tadqiqotlarida, David Lev rahbarligida 1958-1969 yillarda Samarqand so‘nggi paleolit yodgorligida amalga oshirilgan qazilma ishlarida faol qatnashdi. Keyinchalik o‘zi ham D.Levning Samarqand va unga tutash hududlar tosh davri yodgorliklari tadqiqotining izchil davomchisiga aylandi.

M.Jo‘raqulov ilmiy maktabining ilk qadamlari Samarqand shahrining 2500 yillik yoshini asoslash uchun Afrosiyob shaharchasida olib borilgan arxeologik izlanishlar paytidan boshlangan. Olim tashabbusi bilan 1967 yilda SamDUda «Afrosiyobni tarixiy arxeologik jihatdan o‘rganish ilmiy-muammoviy laboratoriyasi» tashkil etildi. Afrosiyob shaharchasining g‘arbiy sektorida qazishmalar olib borilib, shaharning VIII-XI asrlarga oid kommu¬ni¬katsiyasi, me’morchiligi, yo‘l qurilishi, suv bilan ta’minlanish, kulol¬chilik hunarmandchiligi, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar tarixiga doir muhim kashfiyotlar qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug‘i bilan 1971 yilda ushbu laboratoriya negizida SamDUda arxeologiya kafedrasi tashkil etilib, Zarafshon vohasi tosh davri jamoalari moddiy madaniyatini tizimli ravishda o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Samarqand makoni, Zirabuloq yodgorligi o‘rganildi. 1966 yildan e’tiboran O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yon bag‘ri Sazog‘on neolit davri yodgorliklari (Sazog‘on-1,2) tadqiqotlari amalga oshirila boshlandi.

Mustaqillikdan keyingi yillarda esa O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yon bag‘ri tosh davri yodgorliklari tadqiqoti ko‘lami yanada kengaytirilib, 30 dan ziyod yangi arxeologik ob’ektlar xaritaga olindi. Xususan, Jangal-1, Tepaqul 1-5, Olmabuloq makoni, Lolab, Qorakamar, Ochilg‘or makonlarida bevosita qazilma ishlari amalga oshirilib, katta hajmdagi arxeologik manbalar qo‘lga kiritildi va shu asosda hudud “mikro madaniy voha” bo‘lganligi aniqlanib, “Sazog‘on madaniyati” nomi bilan O‘zbekiston arxeologiyasi faniga kiritildi.

M.Jo‘raqulov O‘rta Zarafshon vohasi tadqiqi jarayonida alohida ilmiy maktab yaratdi. Maktab faoliyati doirasida 30 ga yaqin fan nomzodlari va fan doktorlari yetishib chiqdi, Vatanimiz va xorijda 20 ga yaqin monografiya, 1000 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat granti asosida M.Jo‘raqulov, N.Xolmatov hammuallifligida “O‘zbekiston tarixi” kitobi 1-tomining 4-bobi – “Yangi tosh asri (neolit)” yozildi hamda “O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasi” ning 1-qismi ¬– “Arxeologiya yodgorliklarida O‘zbekiston tarixi” asarining “Neolit yangi tosh davri” nomli 5-bobi nashr etildi.

2018-2020 yillarda SamDU va Germaniya Arxeologiya institutining Yevroosiyo bo‘limi bilan hamkorlikdagi ilmiy loyiha asosida Qo‘shrabot tumanida arxeologik qidiruv ishlari olib borildi. Shu tarzda jahonning yetuk arxeolog mutaxassislari bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi. Rossiya FA Arxeologiya, Etnologiya va Antropologiya institutlari, Moskva davlat universiteti arxeologiya kafedrasi, Novosibirsk davlat universiteti, Polshaning Varshava universiteti, Germaniyaning Arxeologiya instituti Yevroosiyo bo‘limi, Samara madaniyat universiteti, Yaponiyaning Tezikuyama universiteti, Italiyaning Bolonya universitetlari bilan olib borilayotgan ilmiy hamkorlik shular jumlasidandir.

M.Jo‘raqulov yaratgan ilmiy maktabning arxeologiya sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlari, kashfiyotlarini qisqa jumlalarda quyidagicha izohlash mumkin:

- Zarafshon vohasida tosh asrining o‘rta paleolit davridan (100-40 ming yillar) e’tiboran odamzot yashab kelayotganligi, Quyi Zarafshonning Chorbaqti vohasida qator mezolit yodgorliklari aniqlandi. Sazog‘on-1, Zamichatosh so‘nggi mezolit davri materiallari zamonaviy yondoshuvda o‘rganildi. Yangi Qorakamar g‘or makoni, Ochilg‘or makoni pastki mezolit madaniy qatlami (mil.avv. XI-IX ming yilliklar) kashf etildi va shu asosda Zarafshon vohasi tosh davri taraqqiyoti bosqichlarida odamzot uzluksiz yashab, o‘ziga xos madaniyat yaratganligi ilmiy asoslandi.

- O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘ri tosh davri jamoalari moddiy madaniyatini o‘rganishda o‘ziga xos “mikro-madaniy voha” ekanligi, “Sazog‘on madaniyati” O‘rta Osiyo neolit davri madaniyatlari tizimida, aniqrog‘i Joyitun (Janubiy Turkmaniston), Hisor (Markaziy va Janubiy Tojikiston), Kaltaminor (Amudaryo, Zarafshonning quyi etaklari va Qizilqum), Markaziy Farg‘ona, Ustyurt neolit madaniyatlari qatorida yangi mustaqil madaniyat sifatida ekanligi aniqlanib, O‘rta Osiyo arxeologiyasi faniga kiritildi.

- Sazog‘on neolit jamoalari madaniyatiga oid yodgorliklar tarqalishi chegaralari belgilanib, O‘rta Zarafshon vohasi Sazog‘on neolit madaniyati sohiblarining turmushida ishlab chiqarish iqtisodiyoti kurtaklari shakllana boshlaganligi borasida muhim ma’lumotlar olindi.

- Ochilg‘or makoni misolida madaniy qatlamdan olov, totemizmga oid diniy e’tiqod, rasm-rusumlar, marosimlar bilan bog‘liq mazmunni ifoda etuvchi manbalarning yaxlit kompeleksi – aylanma holatdagi o‘choq qoldiqlari va hayvon suyagi qoldiqlari uyumlari, aylana shakldagi tosh qurilmalari va bu qurilmalar oralig‘idan uloqchaning butun holatdagi gavda suyaklari topildi va u diniy e’tiqod kompleksi sifatida ilk bor O‘rta Osiyo tosh asri arxeologiyasi fanidan joy oldi.

Mavlon Jo‘raqulov yaratib ketgan arxeologiya maktabining tadqiqotlari ayni kunlarda shogirdlari tomonidan izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Sazog‘on-3 neolit makonida qazilma ishlari olib borilib, O‘rta Zarafshon vohasi tosh davri jamoalari moddiy madaniyatining yangi qirralari yoritilishiga erishilmoqda. Bu borada Samarqand davlat universiteti arxeologiya kafedrasi a’zolari Italiyaning Bolonya universiteti professori Simone Mantelini, Koreya Respublikasi Dongkuk universiteti professori Yun Myung Chul, Moskva davlat universiteti dotsenti Ye.A.Vinogradova hamda Germaniyaning Berlin-Brandenburg FA professori Alisher Begmatovlar bilan ilmiy-pedagogik hamkorlik qilishmoqda.

Yaxshidan bog‘ qoladi, deydi xalqimiz. Ulug‘ olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Mavlon Jo‘raqulov yaratib ketgan ilmu ma’rifat bog‘i xalqimiz ma’naviyati tarixining ifodasi sifatida bardavom bo‘lsin. Ustozning esa ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin.

Normuhammad XOLMATOV,

Suyun KARIMOV,

SamDU professorlari

O‘zA.