Ozarbayjonning “AzerTAJ” agentligi, Markaziy Osiyo mintaqasining “Eurasianstar” va boshqa qator nashrlari Samarqanddagi Ipak yo‘li sayyohlik majmuasida yo‘qolib borayotgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdoni tartibga solish to‘g‘risidagi konvensiya tomonlarining 20-konferensiyasi – CITES CoP20 anjumanini keng yoritmoqda.
Maqolalarda CITES CoP20 tadbiri Konvensiyaning Markaziy Osiyoda o‘z tarixida o‘tkazvayotgan ilk yirik yig‘ilishi ekani, forumda 184 mamlakat va Yevropa Ittifoqidan 3000 ga yaqin delegat, jumladan davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etayotganiga alohida e’tibor qartilgan. Anjuman global bioxilma-xillikni saqlash choralarini kuchaytirish, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlar bilan xalqaro savdoni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgani ta’kidlangan.

Ochilish marosimida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va BMT Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Inger Andersen videokonferensiya tarzida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero bevosita nutq so‘zlagani qayd etilgan.

Ma’lumki, sohada xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratayotgan O‘zbekiston TRAFFIC, INTERPOL, “Fauna & Flora International” bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda, CAMI, CADI va Ramsar kabi mintaqaviy tashabbuslarda faol ishtirok etmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan Samarqand deklaratsiyasi imzolanishi ham muhim natijadir.

– CITES – amaldagi ko‘p tomonlamalik, hamkorlik odamlar va sayyora uchun natijalarga erishish omili, – dedi Ivonn Iguero hamkorlik umumiy muvaffaqiyat garovi ekanini ta’kidlarkan. – Jamoaviy harakatimiz yovvoyi tabiat gullab-yashnaydigan kelajakni ta’minlashning yagona yo‘li. Qolaversa, zamonaviy Ipak yo‘li nafaqat savdo, balki Yer yuzida hayotni saqlab qolish, bilim, sadoqat va harakat uchun ham muhim. Ushbu uchrashuv barqaror yo‘limizni belgilash imkoniyatidir. Keling, Konvensiyani mustahkamlash va ko‘p tomonlamalikni qo‘llab-quvvatlash uchun birlashaylik. Toki, yovvoyi turlar gullab-yashnasin, ekotizim rivojlansin, kelajak avlodlarga qoldiradigan merosimiz bardoshli, umidvor bo‘lsin.


Yalpi sessiyalar, Konvensiya ilovalariga kiritilgan o‘zgarishlar bo‘yicha muhokamalar, har xil mavzuda tadbirlar, yovvoyi tabiatni himoya qilish yo‘lidagi xalqaro sa’y-harakatlarni kuchaytirishga qaratilgan yuqori darajali uchrashuvlarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli CITES CoP20 doirasidagi dasturlar 5 dekabrgacha davom etadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA