Bugun Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida “Samarkand Marathon-2025”an’anaviy xalqaro xayriya marafonining asosiy bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Marafonning ochilishida Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Sport vazirligi mas’ullari ishtirok etib, Samarqand qator xalqaro musobaqalar markaziga aylanib borayotganini e’tirof etdilar hamda sportchilarga omad tiladilar.
Mazkur marafon nafaqat sport bayrami, balki dunyo xalqlarini birlashtiradigan, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi muhim tadbir ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-26143]
Ayniqsa, bu yil marafon ko‘lami kengayib, unda dunyoning 53 davlatidan 8 ming nafardan ziyod sportchi qatnashmoqda. Registon maydoni oldidan start berilgan musobaqalarda ishtirokchilar 5, 10, 21.1, 42.2 kilometr masofalarni bosib o‘tadi.
Marafon g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Marafon doirasida turli yosh toifasida va imkoniyati cheklangan shaxslar o‘rtasida ham poygalar tashkil etiladi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA