Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarali ta’lim islohotlari (+video)
07:36 / 2023-12-20

Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos malakali kadrlar tayyorlash hamda Uchinchi Renessans g‘oyasini ro‘yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish maqsadida katta islohotlar amalga oshirilmoqda.

Qaysi bir sohani olmang, uning rivoji uchun eng avvalo, ta’lim tizimi rivojlangan bo‘lishi kerak. Zero, inson kapitaliga, uning iqtidoriga e’tibor qaratmay turib, natijaga erishib bo‘lmaydi. Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yoshlarning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim hamda kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilgani sababi ham shunda.  

Yetti yil davomida mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar bugunga kelib o‘zining salmoqli natijalarini bera boshladi. Bu holatni ta’lim rivojining raqam va sifat ko‘rsatkichlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Ijodiy jamoamiz bilan Toshkent viloyatida joylashgan Chirchiq Davlat Pedagogika Universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishar ekanmiz bunga yana bir bor amin bo‘ldik.  

Toshkent viloyati maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining tarbiyachilar, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, ayniqsa aniq fanlar va chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylaridagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2017 yilda Toshkent viloyati Chirchiq Davlat Pedagogika instituti tashkil etilgan. Institut 2022 yilga kelib Chirchiq Davlat Pedagogika Universiteti maqomini oldi. 2017 yil 600 dan ortiq talabalar bilan faoliyatini boshlagan ta’lim muassasasida ayni vaqtda 24 500 dan ortiq talaba bilim olmoqda. Universitetda 10 ta fakultet 40 ta kafedra, 7 ta ilmiy-tadqiqot laboratoriya, 18 ta markaz tashkil etilgan bo‘lib, jami 524 nafar professor-o‘qituvchilar jamoasi faoliyat yuritib kelishmoqda. Suhbatimiz chog‘ida ta’limdagi kamchiliklar, bugungi kun pedagog va talabalarning o‘zaro munosabatlari va qadriyatga aylangan ustoz-shogirdlik an’analari haqida fikrlashdik.

Batafsil

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/JSn7UOsi7X4?si=yex_-g3nPKtC0zGS" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Mamlakatimiz Prezidenti davlat rahbari sifatidagi faoliyatini yurtimiz akademiklari, yetakchi olimlari, umuman, ilm ahli bilan uchrashuvdan boshlaganligi, respublikamizda ilm-fan rivojini ishlab chiqarish taraqqiyoti bilan uyg‘unlashtirishga qaratganligi bejiz emas. Birgina Chirchiq Davlat Pedagogika Universiteti misolida qaraydigan bo‘lsak, bevosita ilm tarqatuvchilari bo‘lgan pedagoglarni tayyorlashda xalqaro standartlarga alohida urg‘u berilmoqda. Universitet professor-o‘qituvchilari Rossiya Federatsiyasining nufuzli oliy ta’lim muassasalarida, Germaniyaning Dusseldorf universiteti hamda Buyuk Britaniyaning Warwick universitetida ilmiy stajirovka o‘tashgan. Finlandiyaning Kareliya universiteti, Turkiyaning Firat universiteti, Najmettin Erbakan universiteti, Egey universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Germaniyaning Xaydelberg pedagogika universiteti bilan hamkorlik memorandumi doirasida esa talabalar almashinuvi loyihasi asosida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Qisqa muddat ichida yangi tashkil etilgan Oliygohning faoliyati, bugungi natijalari bilan tanishar ekanmiz, to‘g‘risi, Oliygoh talabalariga havasimiz keldi. Zero, bugungi sifatli ta’lim ertaga malakali kadr, mehr berib, tarbiyalangan farzand esa insofli, soha rivojini ta’minlaydigan mas’uliyatli rahbar sifatida yurtimiz rivojiga mustahkam tayanch bo‘lib xizmat qiladi.

M.Turdaliyeva, N.Abduvoitov (video), O‘zA