Jizzaxlik tadbirkor Aziz Shaymardanov Prezident farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu mukofot uning tadbirkorlik rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi, mehnatsevarligi va yurt ravnaqiga qaratilgan tashabbuslari uchun berildi.
Joriy yilning 2 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga amaliy tashrifi davomida Jizzax shahrida barpo etilgan “Ko‘k saroy” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Davlat rahbari majmuada yaratilgan imkoniyatlar, qulay shart-sharoitlar, xizmatlar ko‘lami bilan batafsil tanishar ekan, aholi bilan ochiq va samimiy muloqot qildi.
Shuningdek, bunday zamonaviy markazlar hududlar iqtisodiy faolligini oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, xizmatlar sohasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalarni belgilab berdi.
“Koʻk Saroy Resident City” MCHJ direktori Aziz Shaymardanovning fidoyi mehnati, tashabbuskorligi, amaliy tajribasi va jamoatchilik manfaatlari yo‘lidagi xolis sa’y-harakatlari yuqori e’tirof etildi. Uning rahbarligida majmuada zamonaviy savdo-infratuzilmalari barpo etildi, hududda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, aholi bandligini ta’minlash maqsadida yangi ish o‘rinlari yaratildi. Mahalliy iqtisodiyotga qo‘shilayotgan bunday hissa yurt taraqqiyotiga munosib xizmat sifatida baholandi.
Prezident farmoniga muvofiq berilgan “Do‘stlik” ordeni uning sohibiga Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan tantanali tarzda topshirildi.
A.Qayumov, O‘zA