Davlatimiz rahbarining “10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimiz sud organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, sohaga oid islohotlarni chuqurlashtirish, odil sudlovni adolat, xolislik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirish orqali Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga munosib hissasi, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli faoliyati uchun bir guruh ayol sudyalar davlatimizning yuksak orden va medallariga sazovor bo‘ldi.
Ular orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi Gulistan Yeshnazarova “Jasorat” medali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyasi Janat Aymaganbetova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
“Jasorat” medali sohibasi Gulistan Yeshnazarova o‘zining mehnat faoliyati davomida sud korpusining nufuzini ko‘tarish bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, 2023-2025-yillarda birinchi instansiya tartibida 13 ta iqtisodiy ishni ko‘rib tamomladi. Ushbu davrda apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida ma’ruza qilgan iqtisodiy ishlari 210 tani, bundan tashqari apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida raislik qilgan iqtisodiy ishlari 246 tani tashkil etdi.
Shu davrda sud amaliyoti bo‘yicha 7 ta umumlashtirish o‘tkazishda bevosita ishtirok etgan. Shuningdek, qonun buzilishi, huquqbuzarliklar sodir etilishiga olib kelgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan 2 ta xususiy ajrim chiqarildi.

“Shuhrat” medali sohibasi Janat Aymaganbetova 2023-2025-yillar davomida 170 ta ma’muriy ishni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida o‘rganib chiqib, ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinishiga erishdi. Ushbu davr mobaynida 160 ta ma’muriy ishni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida sudlov hay’atida ko‘rilishida raislik qildi. Shuningdek, 15 ta xususiy ajrim va taqdimnoma chiqarishga erishdi.
U O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi va boshqa bir qator kodekslar, Plenum qarorlari loyihasi hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qonunchilikka kiritilishi mumkin bo‘lgan, soliqqa oid qonunchilikni qo‘llashda vujudga kelayotgan Oliy sud Plenumi darajasida tushuntirish berilishi talab etilayotgan masalalar, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqqan.
U yosh kadrlarga ish tajribasi va bilimlarini o‘rgatib, ularga ustozlik qilib kelmoqda.
Xalqaro ayol sudyalar kuni munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlanishi sud-huquq sohasidagi samarali mehnati va qonunchilikni mustahkamlash ishlariga qo‘shib kelayotgan munosib hissasiga berilgan yuksak ehtirom namunasi bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.