Oramizdagi zamondoshlarimiz
Bugungi kunda fermerlar mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi kuch, qishloq xo‘jaligi rivojida asosiy tayanchga aylangan. Tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi farovonligini yanada yuksaltirishda ham ularning hissasi beqiyos. Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Hafiz Muhammadiyev rahbarlik qilib kelayotgan “Faxriddin Oybek” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyati bunga yaqqol misoldir.
Mazkur xo‘jalik naslli chorva mollarini ko‘paytirish, aholini sut va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, g‘alla va paxta yetishtirish, baliqchilik, pishgan g‘isht ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi sanaladi. Ayni paytda xo‘jalikda 54 gektar ekin maydoni mavjud. Sut va go‘sht yo‘nalishida 100 boshdan ziyod qoramol boqilmoqda.
Ilg‘or, tashabbuskor va tajribali fermer meliorativ holati og‘ir va tuproq unumdorligi past hududda g‘allachilik hamda paxtachilikda yuqori samaradorlikka erishmoqda.
– Yoshligimdan dehqonchilik va chorvachilikka qiziqaman, – deydi Hafiz Muhammadiyev. – 2005 yilda otam fermer xo‘jalik tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yildan buyon fermer xo‘jaligini boshqarib kelmoqdaman. Faoliyatim davomida otamdan o‘rganganlarim asqatmoqda. 2022 yilda fermer xo‘jaligimizni yanada kengaytirish maqsadida chorvachilikni ham rivojlantira boshladik. 2024 yilda Qozog‘iston davlatidan 50 ta zotdor qoramol olib keldik. Hozirda 40 ta sigirimiz, 60 ta buqamiz bor. Ayni paytda 300 litr atrofida sut sog‘ib olib, sutni qayta ishlash sexlariga yetkazib bermoqdamiz. Kelgusida chorva sonini yanada ko‘paytirib, o‘zimiz sut va go‘shtni qayta ishlash sexini ochish niyatidamiz.
Fermer xo‘jaligida mavjud ekin maydonining 25,8 gektarida g‘alla, 28,2 gektarida paxta yetishtiriladi. Yerning hadisini olgan fermer bir necha yildirki, maydonlarni lazer uskunasi yordamida tekislab, dehqonchilik qilib kelmoqda. Bu esa yildan-yilga hosildorlikning oshishiga olib kelmoqda. Jumladan, joriy yilda g‘alladan 75, paxtadan esa 50 sentnerdan hosil olinganligi ham ushbu texnologiyadan unumli foydalanilayotganligi samarasidir. Ayni paytda paxtadan bo‘shagan maydonlar g‘o‘zadan tozalanib, shudgorlanmoqda va tekislanmoqda. Kuzgi g‘alla ekilgan maydonlarda esa nihollar o‘sib, bir tekis rivojlanmoqda.
– Joriy yilning 27-29 oktyabr kunlari Xitoyning Veyfan shahridagi “Fuxua” xalqaro ko‘rgazma markazida III Xalqaro Veyfan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi yarmarkasida ishtirok etdim, – deydi H.Muhammadiyev. – U yerda ko‘plab hamkorlar bilan tajriba almashib, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik. Zamonaviy issiqxona, sut va donni qayta ishlash korxonalari rahbarlari bilan suhbatlashib, shartnomalar tuzdik. Kelgusida Xitoydan zotdor qoramol olib kelib, chorvachilikni yanada rivojlantirishni maqsad qilib oldik.
[gallery-26609]
Xalqimizda “Harakatda barakat”, degan naql bor. Tajribali fermer tomonidan har bir qarich yerdan unumli foydalanish, xo‘jalik tarmoqlarini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari