Navoiy viloyati hokimligida mahallalar faollari, raislari, sektorlar mutasaddilari, jamoatchilik vakillari ishtirokida 22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, tizim xodimlarini tabriklab. barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilgani, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara berayotganligini alohida qayd etdi.
Prezidentimizning sana munosabati bilan O‘zbekiston mahalla tizimi xodimlari va faollariga yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, “O‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida keyingi yillarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu ishlar avvalo bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga manzilli yordam ko‘rsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan uyg‘un holda olib borilayotgani diqqatga sazovordir”.
[gallery-11104]
Albatta, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining turmush tarzini yaxshilash, fuqarolar murojaatlari bilan samarali ishlash, joylardagi mavjud muammolarni ijobiy hal etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqimizni bugunidan rozi bo‘lib yashashiga ko‘maklashish va ertangi kuniga ishonchini yanada mustahkamlash davlatimiz tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlarning muhim bo‘g‘iniga aylandi. Bunda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘z o‘rni bor.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida yurtimizda mahalla faollari ko‘magida yuz minglab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangani, 9 ming 400 dan ortiq mahallaning qariyb 3 mingtasi yoki 31 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani shundan dalolat beradi.
Ayni paytda viloyatda 330 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ularda turli millat vakillari tinch va totuv yashamoqda.
Tadbirda “Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida” gi Prezident farmoniga asosan Karmana tumanidagi “Do‘rman” mahalla fuqarolar yig‘inining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha kengashi faoli Oysara Ashirovaga “Do‘stlik” ordeni, Tomdi tumanidagi “Qulimbet” oilaviy shifokorlik punkti katta hamshirasi Altinkul Sherimbetovaga II darajali “Salomatlik” ordeni, shuningdek, faol, tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillarining bir guruhiga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA