Shu kunlarda mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan joylarda bayram kayfiyati kezib yuribdi. Amalga oshirilayotgan islohotlar shunchalik jadal bo‘layotganidan ba’zida OAV orqali ham kuzatib ulgurmayapmiz.
Lekin bu jarayonlarga daxldor ekanligimdan xursand bo‘laman. Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimiz farovonligi yo‘lidagi samarali siyosatni dunyoning rivojlangan davlatlari ham tan olib, alohida e’tirof qilmoqda.
Xususan, o‘z faoliyatim misolida ko‘radigan bo‘lsam, “Bo‘ston sanatoriysi”da tizimli ishlar qilinmoqda. Jumladan, “Mehr” operatsiyalari doirasida Suriyadagi urush girdobidan olib chiqilgan o‘zbek ayollari va farzandlari yurtimizda reabilitatsiya qilindi. Ular bugun tinch hayot kechirmoqda. Prezidentimizga rahmat aytib, doim duo qilishadi. Yoki oxirgi paytlarda Falastindagi notinchlik tufayli yurtimizga olib kelingan 100 nafar falastinliklar ham o‘z minnatdorligini bildirdi.
Shu o‘rinda mazkur tashabbuslarda jamoamiz ham davlatimiz rahbari tashabbusiga hissa qo‘shganidan doim g‘ururlanaman. Bayram arafasida Prezidentimizning Farmoni bilan ko‘plab faollar qatoridan men ham “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim.
Bu mukofot chin ma’noda jamoadoshlarimning samarali mehnatiga bo‘lgan e’tibor va rag‘batdir. Bu esa o‘z navbatida kelgusi ishlarimizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bundan keyin el sog‘lig‘i yo‘lida barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Bayram barchamizga muborak bo‘lsin!
Farida Akbarova,
“Bo‘ston sanatoriysi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori,
deputat.
O‘zA.