Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarali kadrlar siyosati – davlat xizmatining poydevori
10:19 / 2025-06-16

Davlat fuqarolik xizmati – fuqaro va davlat o‘rtasidagi muhim ko‘prik hisoblanadi. Uning samarali, adolatli va shaffof tashkil etilishi mamlakatda teng imkoniyatlar, ochiqlik va ijtimoiy ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sirdaryo viloyatida davlat xizmatini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar va qo‘lga kiritilayotgan natijalar Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida atroflicha yoritildi.

Agentlik viloyat filiali rahbari Otabek Mavlonberdiyev ma’lum qilishicha, hozirgi kunda viloyatda 3 280 ta davlat fuqarolik xizmati lavozimi mavjud bo‘lib, ularning 3 179 tasi band etilgan. Xizmatchilarning 45 foizini 31–40 yoshlilar, 20 foizini esa 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Ayollar soni 515 nafarga yetgan bo‘lib, ulardan 54 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 203 nafar yosh mutaxassis rahbarlik vazifasini bajarmoqda.

2020–2025 yillar davomida jami 8 793 ta vakant lavozim bo‘yicha ochiq tanlovlar tashkil etildi. Ularda 161 mingga yaqin nomzod ishtirok etdi va natijada 3 653 nafar mutaxassis ishga qabul qilindi. Ular orasida 455 nafar kishi ilk bor davlat xizmatiga kirdi. Joriy yilning dastlabki 5 oyi mobaynida esa 283 nafar mutaxassis tanlov orqali ishga joylashdi.

Shu bilan birga, qonunbuzarlik holatlari ham aniqlangan. 2025 yil boshidan buyon 19 ta holatda tanlovsiz ishga qabul qilish holatlari qayd etilgan. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan tashkilotlar qatorida Madaniyat va Investitsiyalar boshqarmalari, shuningdek Pensiya jamg‘armasi kabi idoralar bor. Ayniqsa, so‘nggi holatda o‘tkazilgan noqonuniy tanlov natijalari bekor qilindi. 2025 yil 15 martdan e’tiboran viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalarida faqat ochiq tanlov orqali ishga qabul qilish tartibi joriy etildi.

– Agentlik tomonidan yirik davlat tashkilotlari faoliyati o‘rganilib, xizmatchilar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari doimiy monitoring qilinyapti. Joriy yilda 12 marta o‘tkazilgan monitoring jarayonlarida 145 ta qonunbuzarlik holati aniqlandi, – deydi Otabek Mavlonberdiyev. – Masalan, G‘aznachilik boshqarmasida 6 nafar xodim qo‘shimcha mehnat ta’tili huquqidan mahrum etilgan. Bu holat bartaraf etildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 10 ta taqdimnoma, 4 ta ogohlantirish xati yuborilib, 1 ta ma’muriy chora ko‘rildi.

Filial davlat xizmatchilari huquqlarini himoya qilish, ular uchun qulay va qonuniy mehnat muhitini shakllantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Qonunbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish nazorat samaradorligini oshirmoqda. Biroq ayrim tashkilotlarda hali ham ishga qabul qilish jarayonlarida yetarli shaffoflik ta’minlanmagani islohotlarni yanada chuqurlashtirish zarurligini ko‘rsatadi.

2025 yilning birinchi yarmida davlat xizmatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida keng qamrovli o‘quv dasturlari amalga oshirildi. Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning Guliston shahridagi filiali hamkorligida 12 ta kurs tashkil etilib, 1 858 nafar xizmatchi qamrab olindi. Shuningdek, “edu.argos.uz”     onlayn platformasi orqali 4 121 nafar xodim o‘z malakasini oshirdi. O‘quvlarda etika, boshqaruv kompetensiyalarini shakllantirish, raqamli boshqaruv va “yashil energetika” kabi dolzarb mavzular qamrab olindi.

Yoshlar va xotin-qizlarni davlat boshqaruviga jalb etish borasida maqsadli dasturlar joriy qilingan. Jumladan, 3 nafar yosh mutaxassis Germaniyaning “Xanns Zaydel” jamg‘armasi hamkorligidagi “Hokimlikka tayyorlash maktabi”da, 5 nafar ayol “Rahbar ayollar maktabi”da, 2 nafar mutaxassis esa “Yosh liderlar” kurslarida ishtirok etdi. Shuningdek, har juma kuni “Siyosiy (ma’rifat) soati” doirasida mahalliy davlat organlari rahbarlari ishtirokida siyosiy va huquqiy savodxonlikni oshirish maqsadida uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

Kadrlar siyosati doirasida malakali mutaxassislar zaxirasini shakllantirish ishlari izchil olib borilmoqda. Respublika komissiyasi bilan hamkorlikda Milliy, Istiqbolli va Salohiyatli kadrlar zaxirasi shakllantirilmoqda. Har yili ikki marta yangilanadigan ushbu ro‘yxatga hozirda 75 nafar viloyat, 83 nafar tuman hamda 26 nafar “Mahalla uchligi” lavozimlari uchun nomzodlar kiritilgan. 2025 yilning birinchi yarmida zaxiradan 15 nafar mutaxassis rahbarlik lavozimiga tayinlandi.

Kadrlarning samaradorligi va rivojlanishini baholash maqsadida  “zaxira.argos.uz”  elektron platformasi orqali doimiy monitoring o‘tkazib kelinmoqda. Zaxiradagi kadrlar uchun malaka oshirish, stajirovka va dublyorlik dasturlari joriy qilingan. Joriy yilda Germaniya, Xitoy va Koreyada tashkil etilgan xorijiy stajirovkalar ushbu faoliyatning samarali va xalqaro miqyosda amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlarining faoliyati "samaradorlik.uz” elektron platformasi orqali baholanmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 iyuldagi 463-sonli qaroriga asosan, hozirda viloyatdagi 63 nafar tuman va shahar hokimi o‘rinbosarining faoliyati har chorak va yil yakunida baholanmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqilgan oylik rejalar platformada tasdiqlanib, bajarilishi muntazam monitoring qilinadi. Tekshiruvlar davomida 6 ta hokimlikda kamchiliklar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.

– Kadrlar siyosatini takomillashtirish doirasida loyiqlikka asoslangan baholash tizimi joriy etilgan. Attestatsiya jarayonlarida 58 nafar rahbar qatnashdi va ulardan 55 nafari baholandi. Natijada 42 nafar rahbar ijobiy xulosa oldi, 13 nafar rahbar esa belgilangan talablarga javob bermagani uchun ular ishi qayta ko‘rib chiqiladi, – dedi Otabek Mavlonberdiyev.

Davlat xizmatini yanada jozibador qilish, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni bu sohada faol ishtirokini ta’minlash maqsadida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, faol ayollar o‘rtasida ilk marta tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida 21 jamoa tarkibida 105 nafar ishtirokchi qatnashdi. Shuningdek, bitiruvchi kurs talabalari uchun “Karera kuni” tadbirlari o‘tkazilib, ular davlat xizmatiga kirish tartibi va imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Xotin-qizlar uchun tashkil etilgan seminar-treninglar yetakchilik salohiyati, nutq madaniyati va strategik fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.

Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, kadrlar siyosatidagi ochiqlik va shaffoflik, yoshlar hamda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar – davlat xizmatini har tomonlama rivojlantirishda muhim qadamlar bo‘lib xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Sirdaryo viloyati filialida o‘tkazilgan matbuot anjumani ochiqlik, shaffoflik va ishchanlik ruhida o‘tdi. Unda mahalliy va respublika ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar faol ishtirok etishdi. Ular tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi, bildirilgan taklif va mulohazalar esa amaliyotga tatbiq etish uchun inobatga olindi.

G‘ulom Primov,

O‘zA muxbiri