Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarali hamkorlik istiqbollari kengaymoqda
20:52 / 2015-08-12

Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 30-iyuldagi farmoyishiga muvofiq, joriy yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkentda XI O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 30-iyuldagi farmoyishiga muvofiq, joriy yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkentda XI O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu yirik paxta forumi har yili yuksak saviyada tashkil etilmoqda. Bunga bozor talablaridan kelib chiqqan holda mamlakatimiz paxta sanoatini tarkibiy o‘zgartirish bo‘yicha yangi serhosil g‘o‘za navlarini yaratishdan tortib, xalqaro talablar asosida tola tayyorlash, ishlab chiqarish, uni saqlash, sifatini standartlashtirishni tashkil etishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘z ichiga olgan kompleks xususiyatga ega chora-tadbirlar tufayli erishilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston jahon paxta bozorida yetakchilardan biridir. “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi tarkibida 98 paxta tozalash zavodi, chigitni ekishga tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sexlar, ta’minot tarmoqlari va boshqa yordamchi bo‘limlarni birlashtiruvchi 13 hududiy aksiyadorlik jamiyati faoliyat yuritmoqda. Ularning izchil modernizatsiya qilinib, texnik va texnologik yangilab borilayotgani har yili 3 million tonnadan ortiq paxta tayyorlash va paxtani qayta ishlash natijasida yiliga 1 million tonnadan ziyod tola, 1,6 million tonnaga yaqin chigit, 80 ming tonna lint va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini bermoqda.

Seleksiya va sifatni nazorat qilish ishlarini takomillashtirish bu borada muhim omil hisoblanadi. Chunonchi, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yuzdan ziyod yangi g‘o‘za navi yaratilib, ularning 27 tasi davlat reyestriga kiritilgan va ayni paytda mamlakatimiz dalalarida yetishtirilmoqda.

“O‘zpaxtasanoat” uyushmasi va “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi hamkorlikda paxta tolasi sifatini oshirish maqsadida paxta xomashyosi va tayyor mahsulotlarni tasniflash tizimini takomillashtirdi. Yaqin kelajakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 12-yanvardagi “2013-2017-yillarda “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazini modernizatsiyalash va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Uster HVI 1000” yuqori unumdor avtomatik tizimini joriy qilish rejalashtirilmoqda. 

Mamlakatimiz yengil sanoati ham jadal rivojlanib bormoqda. Ushbu soha haqli ravishda iqtisodiyotimizning ko‘p yo‘nalishli va innovatsion jozibador muhim tarmog‘i hisoblanadi. Bugun mazkur sohada eng zamonaviy texnika bilan jihozlangan 300 to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj korxonalarini birlashtirgan “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu korxonalar orasida xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar ham ko‘p.

Soha korxonalari tomonidan keng turdagi kalava, matolar, tikuvchilik, tikuvchilik-trikotaj va paypoq mahsulotlari ishlab chiqarilayotir. Ushbu xilma-xil mahsulotlar zamonaviy dizayni va yuqori texnologik xususiyatlari bilan ajralib turishi bois xalqaro bozorda xaridorgirligi ortib, nufuzli brendlar bilan raqobatlashmoqda. 

“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda 2020-yilga qadar yengil sanoat tarmog‘ida qiymati 1 milliard dollardan ortiq saksondan ziyod loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Buning uchun 2015-2020-yillarda to‘qimachilik va yengil sanoatni rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Dasturning hayotga tatbiq etilishi yetishtirilayotgan paxta tolasini mamlakatimizda qayta ishlash darajasini 60 foizga yetkazish va yengil sanoatning eksport salohiyatini 1,8 barobardan ko‘proq oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi istiqboldagi vazifalarni amalga oshirishda munosib hissa qo‘shmoqda. Har yili tashkil etilayotgan ushbu yarmarka jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarni o‘ziga jalb qilmoqda, paxta va to‘qimachilik biznesida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda. Masalan, 2005-yilgi paxta forumida dunyoning 30 mamlakatidan sanoat va savdo firmalarining 170 vakili ishtirok etgan bo‘lsa, 2014-yilda 50 ga yaqin davlatdan mingdan ortiq kompaniya va firmalar vakillari qatnashdi. Forum yakunlari bo‘yicha mamlakatimizda yetishtirilgan 580 ming tonna paxta tolasi va qiymati 1 milliard AQSh dollaridan ortiq to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berish shartnomalari tuzildi. 

Paxta yarmarkasida har yili ishtirok etib kelayotgan xalqaro kompaniyalar vakillari va taniqli ekspertlar ishlab chiqarish va iste’mol, O‘zbekiston va jahonda savdo hamda investitsion hamkorlikni kengaytirishga doir keng ko‘lamli masalalarni muhokama etmoqda, O‘zbekiston paxtasining sifat ko‘rsatkichlari bilan tanishib, uni xarid qilish yuzasidan shartnomalar tuzmoqda. Bundan tashqari, ishtirokchilar paxta tolasidan foydalanish bo‘yicha yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Tadbir nufuzining muttasil ortib, ishtirokchilar, jumladan, xorijiy qatnashchilar soni kengayib borayotgani inobatga olingan holda, yarmarka tashkilotchilari unga alohida hozirlik ko‘rmoqda. Joriy yilda ham yarmarka O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi, “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi, “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi, “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa tuzilmalar ko‘magida tashkil etiladi. 

Ko‘rgazma maydonlarida asosiy tadbirlar o‘tkaziladigan “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazma kompaniyasi ham katta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yarmarka ishtirokchilari uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Servis markazi, muzokaralar zali, shartnomalar tuzish uchun maxsus xonalar xalqaro talablar asosida jihozlanadi.

“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi forum doirasida mamlakatimiz yengil sanoati salohiyatini, jumladan, taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, qulay investitsiya muhiti, malakali kadrlar va xomashyo resurslari mavjudligi, rivojlangan ishlab chiqarish, moliya-bank, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari taqdimot marosimlarining yuksak saviyada o‘tkazilishini ta’minlaydi.

“Cotton Outlook” xalqaro nashriyoti ko‘magida O‘zbekiston paxta va yengil sanoati, paxtachiligini rivojlantirish istiqbollari va bu borada erishilgan so‘nggi yutuqlarga bag‘ishlangan maxsus nashr chop etiladi.

Shuningdek, yarmarka doirasida turli tadbirlar, jumladan, texnologiya va dizayn sohasidagi so‘nggi innovatsion takliflar taqdim etiladi, xalqaro konferensiya va seminarlar o‘tkaziladi, liboslar kolleksiyasi namoyish qilinadi.

Muxtasar aytganda, XI O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi mamlakatimiz paxta va yengil sanoatining jadal rivojlanayotgani, jahon bozorida O‘zbekiston paxtasining raqobatbardoshligi muttasil oshib borayotganining yorqin tasdig‘iga aylanadi, xorijiy sheriklar safini sezilarli ravishda kengaytirish imkonini beradi.