Buxoroda Peshku tumanidagi “Peshku oltin tola” ishlab chiqarish kooperativi bazasida “Qishloq xo‘jaligi kooperativlarini rivojlantirish: samarali boshqaruv va innovatsion yondashuvlar” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda qishloq xo‘jaligi sohasining yetakchi mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, kooperativlar vakillari, olimlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi o‘rinbosari, Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori To‘lqin Sattarov, Peshku tumani hokimi Hayot Davlatov, shuningdek, bir qator hududiy kooperativ rahbarlari ham so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanishicha, oxirgi yillarda qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida o‘nlab me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlar majmui kooperativlar uchun mustahkam huquqiy bazani va keng moliyaviy imkoniyatlarni yaratdi.
Berilgan imtiyozlar va imkoniyatlar natijasida soliq imtiyozlari belgilandi. Yangi tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi kooperativlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi (ma’lum muddatga). Kooperativlarga ishga qabul qilingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 1 foizgacha kamaytirildi (ma’lum muddatga). Tuproq unumdorligini oshirish tadbirlarini amalga oshirgan kooperativlarga 3 yil muddatga yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar tatbiq etiladi. Moliyaviy va subsidiyaviy qo‘llab-quvvatlash natijasida paxtani erkin sotish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zolariga kooperativlar ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda subsidiyalar ajratiladi. O‘zbekiston Fermerlari kengashi huzuridagi Jamag‘arma va tijorat banklari tomonidan aylanma mablag‘lar va infratuzilmani rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Fermerlari kengashi huzuridagi Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan berilgan imtiyozli kreditlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, “Peshku oltin tola” ishlab chiqarish kooperativiga aylanma mablag‘ uchun 10 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgani qayd etildi.
Seminarda ishtirokchilar meva-sabzavotchilik yo‘nalishida infratuzilmani rivojlantirish, mahsulotni saqlash va qayta ishlash tizimini qurish uchun berilgan yangi imtiyozlar haqida fikr almashdi.
Shuningdek, “Agrosubsidiya” va “hosil qabuli” axborot tizimlariga ma’lumotlarni elektron ravishda kiritish, omborlarni raqamlashtirish va hisobotlarni avtomatlashtirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
[gallery-26152]
Tadbir doirasida “Varnet issiqxona akademiyasi”ga amaliy sayohat ham tashkil etildi. Seminar yakunida qator amaliy takliflar ilgari surildi va kooperativlar faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Seminarda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Amrillo Nazarov ishtirok etdi.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/MWvMBV_ghrU" title="Samarali boshqaruv va innovatsion yondashuvlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA muxbirlari.