French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samaradorlikka yo‘naltirilgan muloqot
07:50 / 2026-02-12

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida sudyalar hamda prokuratura xodimlarining bilim va malakasini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-seminarlari muntazam tashkil etilmoqda.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi tergov sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish, tergov hamda sud jarayonlarida qonun normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llashni ta’minlash, shu orqali fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishdan iboratdir. Shuningdek, amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga atroflicha yetkazish, huquqbuzarliklarning oldini olish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida o‘tkazilgan navbatdagi seminar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar yuzasidan shakllangan sud amaliyoti va ishlarni ko‘rib chiqishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlarga bag‘ishlandi.

Seminarda jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining tergov sudyasi D.Srajatdinov hamda Mo‘ynoq tumani sudining tergov sudyasi B.Dosimbetov amaliyotda uchrayotgan ayrim muammoli holatlar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutilgan 592-modda(oilaviy, ya’ni maishiy zo‘ravonlik), 60-modda (tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish), 61-modda (oz miqdorda talon-toroj qilish), 131-modda (transport vositalarini mastlik holatida boshqarish)lariga oid ishlar bo‘yicha shakllangan sud amaliyoti tahlil qilindi. Aniq misollar asosida huquqiy yondashuvlar ko‘rib chiqilib, yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalari muhokama etildi.

Tadbir yakunida bunday o‘quv-seminarlar qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlov sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.