O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbar kadrlarining zamonaviy sharoitlarda kasbiy bilim va saviyasiga qo‘yilayotgan talablarni hisobga olgan holda sektor rahbarlari hamda hokim o‘rinbosarlari uchun ekspress treninglar tashkil etilmoqda.
Piskent tumanida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ekspress treningda "Time management"mavzusida so‘z bordi.
Aksariyat yetuk insonlarning tajribasidan ma’lumki, muvaffaqiyatning asosiy kaliti — bu vaqtni to‘g‘ri taqsimlash. O‘z vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, yangi bilimlar olish, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklatilgan davlat xizmatchisining faoliyati samaradorligiga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Piskent tumanida 101,4 ming aholi yashaydi. 27 mahalla fuqarolar yig‘inida 26 ming 522 ta oila istiqomat qiladi. 1-sektorda 8 ta, 2-sektorda 6 ta, 3-sektorda 7 ta, 4-sektorda 6 ta MFY joylashgan. Bunday katta ko‘lamda samarali ish olib borish uchun davlat organi xodimlaridan vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, aniq maqsad, strategik rejalar tuzish talab etiladi.
Yangi amaliyot sifatida o‘tkazilayotgan treninglar korporativ qadriyatlar asosida ish olib borish, vaqtdan unumli foydalanish, kutilmagan vaziyatlarda tezkor va oqilona qaror qabul qila olish borasidagi sifatlarini va “Soft skills” ya’ni yumshoq ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘z o‘rnida, tashkil etilayotgan mazkur treninglar sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng ularni viloyatning boshqa huddudlarida ham mahalliy ijro hokimiyati vakillarining kasbiy shakllanishiga xizmat qiluvchi “kasbiy rivojlanish kuni” sifatida haftada bir bor o‘tkazib borish reja qilinmoqda.
E.Isayev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent viloyati filiali bosh inspektori