Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samaradorlik sarhisobi
15:37 / 2026-01-07

Buxoro viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasida yil yakunlari va yangi yildagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘ldi. Yig‘ilishni viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Ortiqova olib bordi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz xalq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, oila va xotin-qizlar tizimini rivojlantirish, yurtimiz xotin-qizlarining iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, milliy va oilaviy qadriyatlarni asrash va rivojlantirish, ma’naviyatini yuksaltirishda yakuniga yetgan yilda erishilgan muvaffaqiyatlar bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi. 

O‘tgan yil boshidan viloyatning shahar va tumanlarida shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Mahalla yettiligi” mas’ullari ishchi guruhlari bilan birgalikda anketa-so‘rovnoma asosida uyma-uy yurib, xatlov ishlarini olib bordi. Xatlov jarayonida viloyatdagi mavjud 516 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 443 ming 689 ta xonadon qamrab olingan. 

Ayni kunda viloyatda 471 ming 122 nafar 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qiz umrguzaronlik qilayotgan bo‘lib, xatlov jarayonida 458 ming 351 nafarning ijtimoiy muammolari va takliflari o‘rganilgan. Xatlov jarayonida turli sababga ko‘ra 30 yoshdan yuqori bo‘lgan 12 ming 771 nafar xotin-qiz so‘rovnomada qatnashmagan. 

Xatlov yakuniga ko‘ra, viloyatda 6 ta toifaga kiruvchi, jami 61 ming 537 nafar xotin-qiz ijtimoiy yashash tarziga binoan “Ayollar daftari”ga kiritilgan. O‘rganishlarga muvofiq toifalarga kiritilgan xotin-qizlar ijtimoiy muammolarini bartaraf etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatdagi shahar va tumanlarning “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, “mahalla yettiligi” bor kuch va imkoniyatlarini ijroga yo‘naltirgan. 

Jumladan, 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Ayollar daftari”ning 6-bosqichiga kiritilgan 61 ming 537 nafar xotin-qizning deyarli barchasiga amaliy yordam ko‘rsatildi. Shular qatorida 39 ming nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizdan 3 ming 815 nafariga bank imtiyozli kreditlari ajratilgan. Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizning 8 ming 411 nafariga “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir martalik moddiy yordamlar ajratilgan. Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizning 1925 nafariga bir martalik yordamlar ko‘rsatilgan. 

Yig‘ilishda samarali mehnat qilgan hamkor tashkilotlar mutasaddilari va shahar-tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari, hamkor tashkilotlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.