English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samaqandda ochilgan Ulug‘bek madrasasidagi birinchi darsni kim o‘tganini bilasizmi?
06:35 / 2025-09-21

Vatanimiz tarixidagi 21 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1420 yil (bundan 605 yil oldin) – Sharq dunyosida mashhur bo‘lgan Samaqanddagi Ulug‘bek madrasasida birinchi dars bo‘lib o‘tdi. Adib Zayniddin Vosifiyning qayd etishicha, madrasaga birinchi mudarris etib Mavlono Muhammad Havofiy tayinlangan edi. 

Madrasa bitishiga yaqin qolganda qurilishda ishlayotganlar Ulug‘bekdan kim mudarris etib tayinlanadi, deb so‘raydilar. Ulug‘bek bu lavozimga barcha ilmlardan xabardor odamni topajagini aytadi. Shu yerdagi g‘ishtlar orasida chang-loy kiyimda o‘tirgan Mavlono Muhammad Havofiy Ulug‘bekning so‘zlarini eshitib, shu mansabga o‘zi munosibligini aytadi. 

Ulug‘bek unga savollar berib, qoniqarli javob olganidan so‘ng, uning bilimlaridan qanoat hosil qiladi va uni hammomga olib borib cho‘miltirish va yaxshi kiyimlar kiyintirishni buyuradi. Madrasa ochilishida Mavlono Muhammad mudarris sifatida birinchi ma’ruzani o‘qiydi. Bunda 90 olim va talaba hozir bo‘lgan bo‘lsa ham ma’ruzani faqat Ulug‘bek bilan Qozizoda Rumiy ikkovlari tushunadilar, xolos. 

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Ulug‘bek madrasasida o‘kish jarayoni bir o‘kuv yilida yetti oy davom etgan. O‘kuv yili mezon oyining birinchi kuni (21 sentyabrda) boshlanib, hamal oyining birinchi kunida (21 martda) tugagan. Hamal oyidan (21 martdan) mezon oyigacha (21 sentyabrgacha) bo‘lgan muddat, ya’ni mart oyining oxiridan, aprel, may, iyun, iyul, avgust oylari va sentyabrning 21-kunigacha ta’til hisoblangan. 

1860 yil (bundan 165 yil oldin) – Buxoro amiri Nasrulloh 55 yoshida Buxoro shahrida quloq og‘rig‘i kasali tufayli fojiali vafot etdi. Amir Nasrulloh Buxoro shahridagi Jo‘ybor mavzesida joylashgan Eshoni Imlo (Hazrati Imlo) qabristoniga, otasi Amir Haydar qabri yonida dafn etilgan.

Tarixchi olim Qahramon Rajabovning qayd etishicha, Shahrisabzning sobiq hokimi Iskandar vallamiyning singlisi Kenagasxonim (Fitratning yozishicha, Kengashoyim) o‘z akasining g‘arazli rejasiga binoan va elining o‘chini olish maqsadida o‘z eri Amir Nasrulloh uxlab yotganida uning qulog‘iga simob quygan. Quloq og‘rig‘i dardiga duchor bo‘lgan Nasrullohxon o‘limi oldidan o‘z erining joniga qasd qilgan Kenagasxonimni Ark ichidagi Childuxtaron qudug‘iga tashlashni buyuradi. 

Bu paytda Buxoroda yashayotgan Iskandar vallamiy va uning butun oila a’zolari, shuningdek, kuyovi Yoqubbiy va uning farzandlari ham amirning o‘limi oldidan qatl qilinadi. Xullas, Amir Nasrulloh unga qilingan suiqasd natijasida qulog‘iga simob quyilgandan keyin bir necha kun o‘tgach – 1860 yil 21 sentyabrda qattiq qiynalib, fojiali tarzda jon taslim qildi. 

1895 yil(bundan 130 yil oldin) – mustamlaka ma’muriyati tomonidan Samarqand–Andijon temiryo‘lining Toshkent shaxobchasini qurish haqida ko‘rsatma berilib, ishlar jadal sur’atlarda olib borildi. Tarixchi Anoroy Tog‘ayevaning qayd etishicha, 1897 yilda Qo‘qonga, 1899 yilda Toshkentgacha temir yo‘l qurib bitkazildi. Samarqand–Toshkent yo‘nalishining uzunligi 357 kilometrni, Ursatevdan Andijon stansiyasigacha bo‘lgan masofa esa 325 kilometrni tashkil etdi.

1921 yil(bundan 104 yil oldin) – Buxoro Respublikasining birinchi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Bu konstitutsiya fuqarolarning huquq va erkinliklarini qonun yo‘li bilan mustahkamlab, xususiy mulk shakli saqlanib qolindi. Konstitutsiyaga ko‘ra, Buxoro Respublikasining oliy hokimiyat organi – Butun Buxoro xalq vakillari qurultoyi hisoblangan.

1945 yil (bundan 80 yil oldin) – “Qizil O‘zbekistan” gazetasining shu kungi sonida G‘afur G‘ulomning “Vaqt” she’ri ilk marta e’lon qilindi. Shoirga urushdan olingan o‘lja soatning hadya etilishi “Vaqt” she’rining yaratilishiga sababchi bo‘lgan edi. Akademik Naim Karimovning qayd etishicha, shu vaqtdan beri ushbu she’r haqida juda ko‘p yozildi. Uning G‘afur G‘ulom falsafiy she’riyatining shoh namunalaridan biri ekanligi aytildi. Bu gaplarning hammasi haqiqat. Ammo bu she’r haqida qanchalik ko‘p yozilgan bo‘lmasin, uning shu vaqtga qadar eskirmay, ohorini to‘kmay kelishi, sir-sinoati hamon ochilmay qolmokda.

1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Jahon bankiga a’zo bo‘ldi. Mazkur nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilot bilan hamkorlik yaxshi rivojlangan.

1996 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Saudiya Arabistoni Qirolligida va Koreya Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi elchixonasini ochish to‘g‘risidagi qarorlari qabul qilindi. 

1999 yil (bundan 26 yil oldin) – Sovet tuzumi davrida qatag‘on etilgan fidoyi vatandoshlarimizni aniqlash, nomini abadiy saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi tuzildi.

2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatriga “Milliy teatr” maqomini berish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Shundan boshlab u O‘zbek Milliy akademik drama teatri nomini oldi. 

2019 yil(bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga asosan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida davlat muassasasi shaklidagi Milliy arxeologiya markazi tashkil etildi. 

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 76-sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida videomurojaat bilan chiqdi. Davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyatga mintaqa va global kun tartibidagi dolzarb masalalar, BMTning zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda chora ko‘rishdagi roli yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirdi hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan chuqur demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib berdi. 

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA