Yangi yil yaqinlashgani sari “tadbirkorlik” niqobini taqib olgan ba’zi kimsalarning mo‘may daromad qilish maqsadida mamlakatimizga turli qing‘ir yo‘llar bilan pirotexnika vositalarini olib kirish holatlari uchrab turibdi.
Behosdan quloqni qomatga keltirib “paq-puq” etgan ovozlar yaqin atrofdagi kishilarga salbiy ta’sir etishi bor gap. O‘z navbatida ana shu paqilash inson salomatligi bilan bog‘liq bo‘lgan turli tan jarohatlarini keltirib chiqarishi barchaga – shu vositalarni sotuvchiga ham, sotib oluvchiga ham oynadek ravshan.
Lekin shunga qaramay ana shunday noxushliklarni keltirib chiqaruvchi pirotexnika vositalarining yurtimizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilib sotilishi va aqli- hushini tanigan, oilali, bola-chaqali insonlar ushbu vositalarini sotib olib, ko‘ngilxushlik qilishi uchun bolalariga berayotgani achinarli holatdir.
Xorijda ishlab chiqarilayotgan ushbu pirotexnika vositalari aslida inson salomatligiga jiddiy xavf solib va hatto bir umrga nogiron qilib qo‘yishi ham mumkin.
Sanoqli kunlardan so‘ng nishonlanadigan Yangi yil bayrami tinch va osoyishta o‘tishini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyat ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida muntazam ravishda profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.
Ushbu tadbirlar davomida ta’lim muassasalari, bozorlar, aholi gavjum joylarda pirotexnika vositalarining ishlatilishi oqibatida uni ishlatgan kimsa va atrofdagilar salomatligiga jiddiy zarar yetayotgani, ularning salbiy oqibatalari tushuntirilmoqda.
Shuningdek, pirotexnika vositalarini sotish, sotib olish, olib yurish, ishlatish qonunchilikka asosan – ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi uqtirilmoqda.
Bundan tashqari, pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq qonunbuzilishiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar va amaliy reydlar ham izchillik bilan amalga oshirilib borilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Jizzax viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 316 mingga yaqin pirotexnika vositasi hujjatlashtirib olindi.
Kimlar uchundir “o‘yinchoq” deya qaralayotgan ushbu paqildoqlar summasi 127 million so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
Ushbu holatlar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlarning 19 tasi sud idoralariga yuborilgan bo‘lsa, 69 tasi bo‘yicha ma’muriy jazo choralari ko‘rildi. Bir nafar fuqaro esa jinoiy javobgarlikka tortildi.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kishi salomatligiga zarar yetkazuvchi bu kabi vositalardan foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dvMx_NQD1X4" title="Salomatlikka putur yetkazayotgan xavfli o‘yinchoqlarni sotib olmang" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov (video, surat), O‘zA muxbiri