Salomatlikka oid kitobdan: Sogʻlom boʻlish uchun suv iching!
Kitobda yozilishicha, ertalab uyqudan uygʻonish bilan bir stakan iliq suv ichish salomatlik uchun juda foydali ekan.
Kitobda yozilishicha, ertalab uyqudan uygʻonish bilan bir stakan iliq suv ichish salomatlik uchun juda foydali ekan. Bu amalni uxlashdan oldin ham bajarish zarur. Faqat uxlashdan oldin ichiladigan suv miqdori ertalabkidan kamroq – yarim stakan boʻlishi tavsiya etiladi. Bu organizmni turli chiqindi va toksinlardan tozalashga xizmat qiladi.
Mutaxassislar kun davomida ichiladigan suvni esa kam-kamdan hoʻplab ichishni tavsiya qiladi. Tana vazniga qarab inson kuniga 2-3 litr suv ichishi kerak.
Suv organizmda kechadigan barcha jarayonlar: hujayra, toʻqima va boshqa aʼzolarning asosini tashkil qilib, tana haroratini boshqaradi. Hujayralarni ozuqaviy moddalar, xususan kislorod va glyukoza bilan taʼminlaydi. Mushaklarni mustahkamlashga va boʻgʻimlar elastik boʻlishiga yordam beradi, hazm qilish jarayonini yaxshilaydi.
Yana bir maʼlumot: qaynagan suv “oʻlik suv” hisoblanadi. Suv qaynatilganda, zararli moddalar bilan birga, tarkibidagi foydali mikro va makroelementlar ham yoʻq boʻlib ketadi. Shu bois, maxsus uskunalar yordamida tozalangan yoki tayyor qadoqlangan suvni ichish tavsiya etiladi.
Doʻkondan suv olayotganda, albatta, yaroqlilik muddati va saqlanish holati bilan qiziqing. Yaxshisi, ishlab chiqarilganiga uch kundan koʻp boʻlgan, quyosh tigʻiga chiqarib qoʻyilgan suvni xarid qilmang. Yana shuni bilingki, tarkibiga turli kimyoviy moddalar qoʻshilgan shirin gazli va gazsiz ichimliklar sogʻlik uchun zararli. Suvni ovqatlanishdan yigirma daqiqa oldin va keyin ichish kerak. Taom bilan aralashtirmagan maʼqul. Choyni ham xuddi shu tartibda va meʼyorda ichish tavsiya etiladi.
– Agar siz chanqoqlik holatini kutsangiz, organizmingizni suvsizlantirayotgan boʻlasiz va hattoki shu davrda 0,5-1 litr suv yoʻqotishingiz mumkin, – deydi sogʻlom ovqatlanish boʻyicha mutaxassis Oybuvi Sanayeva. – Chanqoqni kutmasdan suv ichish juda muhim. Miya toʻqimalarining 75 foizi suvdan tashkil topgani bois, suvni ichishni kanda qilmaslik kerak. Ayniqsa, yosh bolalarga, maktab oʻquvchilariga bu borada eʼtiborli boʻlish talab etiladi.