Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Salomatlikdan ortiq baxt yo‘q
23:32 / 2023-04-08

Butunjahon salomatlik kuniga bag‘ishlanib Andijonda o‘tkazilgan “Salomatlik sayli” tadbirlari doirasida minglab fuqarolar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Keyingi yillarida yurtimizda xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, ayniqsa, onalar va bolalar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar sog‘ligini muhofaza qilishga qaratilgan  keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Salomatlik sayli” tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida bo‘lib o‘tdi.  

– Inson uchun salomatlikdan ortiq boylik yo‘q, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirzajonov. – Shu ma’noda tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholi, ayniqsa, onalar va bolalar hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligini hamda aholining tibbiy bilim va madaniyatini oshirish ko‘zda tutilgan.  

“Salomatlik sayli”ning asosiy tadbirlari Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat tibbiyot tizimidagi barcha davolash-profilaktika muassasalari, Andijon davlat tibbiyot instituti, institut klinikasi mutaxassislari, xususiy tibbiy muassasalar vakillari tomonidan saylga tashrif buyurgan aholi salomatligi ko‘rikdan o‘tkazildi. Bir guruh fuqarolar esa UZI, EKG tekshiruvlaridan o‘tdi. Bundan tashqari, yurtimizdagi, xususan, Andijon viloyatidagi farmatsevtika korxonalari o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi. Arzonlashtirilgan narxlarda dori-darmonlar sotuvi tashkil etildi, shuningdek, sog‘lom turmush tarzi va dori-darmonlar targ‘ibotiga oid reklama prospektlari, bukletlar tarqatildi.  

Tadbir doirasida yosh sportchilarning, bolalar badiiy jamoalarining ko‘rgazmali chiqishlari bo‘lib o‘tdi. Tibbiyot muassasalari tomonidan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, famatsevtik kompaniyalar mahsulotlari, umuman, sog‘lom turmush tarzini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi.  

Salomatlik sayli doirasidagi tibbiy ko‘riklarga viloyatdagi tibbiy muassasalarning tajribali shifokorlari, professorlari jalb etildi. Shifokorlar barcha yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha tadbirga tashrif buyurgan aholini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, zarur tavsiya va maslahatlar beradi.  

– Salomatlik saylida 15 dan ortiq ixtisoslikdagi mutaxassis va shifokorlarimiz ishtirok etdi, – deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiy markazi shifokori Matlubaxon Boymatova. –  Tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bolalarga, ota-onalarga zarur tavsiya va maslahatlar, shuningdek, kasallikning oldini olish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga amal qilish xususida  keng tushunchalar berildi.  

– Besh yoshli qizim Farzona allergiya xastaligidan aziyat chekadi, – deydi Xo‘jaobod tumani Karnaychi mahallasida yashovchi Lazokatxon Qodirova. –  Viloyat bolalar shifoxonsiga bormoqchi edim, bugun tibbiy ko‘rik o‘tkazilayotganini eshitib, shu yerga keldim. Mushkulim oson bo‘ldi, mutaxassis shifokorlardan zarur maslahatlar oldim.  

Sayl davomida viloyat ona va bola skrining markazi shifokorlari ko‘plab homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarga zarur tavsiya va maslahatlar berdi. Revmotolog shifokor ko‘rigidan o‘tgan Andijon shahri Mehnat ko‘chasida yashovchi mehnat favxriysi Munojatxon Boltaboyeva bilan suhbatlashdik.  

–  Yoshim oltmish beshga yaqinlashyapti, – deydi u. – Meni anchadan buyon oyoq og‘rig‘i bezovta qiladi. Shifokor ko‘rigidan o‘tdim. Zarur tavsiya va maslahatlar oldim. Odamlarga qulaylik yaratib, mana shunday tibbiy ko‘riklar tashkil etilgani uchun Prezidentimizga, shunday xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lgan insonlarga rahmat. Xalqimizga yaratib berilayotgan bu kabi imkoniyatlardan juda ham mamnunman.  

Salomatlik sayliga tashrif buyurgan yurtdoshlarimizning qaysi biri bilan suhbatlashmaylik, shifokorlardan zarur maslahat va tavsiyalar olayotganliklarini, yurtimizda insonlar salomatligini saqlashga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini izhor etdi.  

– Men 2- guruh nogironiman, – deydi Andijon shahri Mustaqillikning 30 yilligi mahallasida yashovchi Durdona Xoliqova. – O‘zim shifokorman, lekin taqdir taqozosi bilan nogironlik aravachasiga mixlanib qolganman. Tibbiy ko‘rikka kelinim bilan keldim. Shifokorlardan zarur tavsiyalar oldim. Davlatimizning odamlar salomatligiga qaratayotgan e’tiboridan behad mamnunman.  

Salomatlik saylida yigirmadan ziyod mahalliy farmatsevtika korxonalari o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi. 

[gallery-11344]   

– Korxonamizda tabiiy giyohlardan 10 dan ortiq biologik qo‘shimchalar ishlab chiqariladi, – deydi Shahrixon tumanidagi “Biostandart” korxonasi rahbari Abdushukur Mamarajabov. – Tadbirda o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarimizni targ‘ib etish bilan birga, arzon narxda sotuvini ham tashkil etdik.  

“Salomatlik sayli” da Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari, xususan, bir guruh xorijlik talabalar ham ishtirok etdi.  

– Ochig‘i, bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazilayotganligi meni biroz ajablantirdi, – deydi asli hindistonlik, Andijon davlat tibbiyot instituti 1- bosqich talabasi Pranav Lende. – Bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazish olijanob ish. Bundan O‘zbekistonda aholi salomatligini saqlashga e’tibor yuqori ekanligini anglash mumkin. Umuman, mehmondo‘st o‘zbek xalqining, yurtingizning o‘ziga xos jihatlari juda ko‘p ekan.  

Andijon shahridagi “Salomatlik sayli” da 12 ming nafarga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘riklar natijasida turli kasalliklar borligi aniqlangan 3 ming 600 nafardan ortiq fuqaroga zarur yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 56 nafar fuqaroga davolanish uchun yo‘llanma berildi, 35 nafar fuqaroda turli operatsiyalar o‘tkazilishi belgilandi.  

“Salomatlik sayli” ga viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashrif buyurdi, tibbiy ko‘rik jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Tibbiyot xodimlari, fuqarolar bilan suhbatlashdi.  

Viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilgan “Salomatlik sayli” tadbirlari doirasida 87 ming 400  nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Umuman, ushbu tadbirlar aholi salomatligini muhofaza qilishga, tibbiy madaniyatini yuksaltirishga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qildi.              

Faxriddin UBAYDULLAEV,  

Zuxriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA