25 oktyabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni (rukn)

Buxoro viloyati IIB Tibbiyot bo‘limi qoshidagi gospitalning kapital ta’mirlanib foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ichki ishlar organlari va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari hamda soha faxriylari qatnashdi.
Tadbirda ishtirokchilar so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan fuqarolar salomatligi va xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilgan chuqur islohotlarning samaralari haqida so‘z yuritdi.

Mazkur tibbiyot maskani 1978 yilda tashkil etilgan bo‘lib, kapital ta’mirlash ishlari natijasida binoning qiyofasi, energetika tizimlari, shuningdek, laboratoriya, fizioterapiya, oshxona, ovqatlanish zallari va dam olish maskanlari to‘liq yangilandi.
Ta’mirdan so‘ng gospitalning sig‘imi 80 o‘rindan 100 o‘ringa oshirildi. Muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan to‘liq jihozlandi, endilikda ushbu maskanda 50 o‘rinli terapiya, 40 o‘rinli nevrologiya va 10 o‘rinli psixosomatik bo‘limlar faoliyat yuritadi.

Tadbir ishtirokchilari yangi gospitalda yaratilgan sharoitlar, tibbiy xizmat sifati va ish samaradorligini oshirish choralari bilan tanishish chog‘ida, mas’ullar bilan xodimlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri