Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Salomatlik volontyorlari” faoliyati ommalashadi
12:28 / 2026-01-23

Andijonda “Salomatlik volontyorlari” faoliyatini ommalashtirish, o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarni targ‘ib etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Oila va xotin qizlar, Maktab va maktabgacha ta’lim hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamkorligida amalga oshirilayotgan “Salomatlik volontyorlari” loyihasi doirasida Andijon shahridagi 13-umumta’lim maktabida tashkil etilgan seminarda maktab direktorlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari, volontyor sifatida tanlab olingan o‘quvchilar ishtirok etdi.  

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova qatnashib, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan hamda maktabda xotin-qizlar bilan ishlovchi mas’ulning olib borayotgan ishlari, o‘quvchi qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, chet tili, sport, shuningdek, maktabda tashkil etilgan “Dildosh qizlar – jamiyat ko‘zgusi”, “Dildosh ustozlar” to‘garaklari faoliyati bilan tanishdi.

– Yoshlar, ayniqsa, o‘quvchi qizlar bilan ishlash juda muhim vazifa, – deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Gulhayo Omonova. – Nafaqat qizlar, umuman, o‘quvchilarning salomatlik, tozalik, gigiyena qoidalariga amal qilishi, ularning sog‘lom turmush tarziga oid bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashda sinflar kesimida tanlab olingan “Salomatlik volontyorlari” faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu orqali jismonan sog‘lom yoshlarni voyaga yetkazish borasidagi ishlar samaradorligi yanada ortadi.  

Shuningdek, seminarda o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati buyumlari va milliy liboslar ko‘rgazmasi namoyish etildi.  

Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni alohida e’tirof etib, yangi “Salomatlik volontyorlari” loyihasini Andijon namunasi sifatida respublika bo‘yicha keng ommalashtirish lozimligini aytib o‘tdi.

F.Ubaydullayev,  

Z.Umrzoqov (foto),

O‘zA muxbirlari