Davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda ommaviy sport harakatini yoshlar o‘rtasida kuchaytirish maqsadida joylarda ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Qo‘riqlash boshqarmasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi bilan hamkorlikda Guliston shahridagi 13-umumta’lim maktabida o‘quvchi yoshlar ishtirokida salomatlik uchun 5000 qadam yurish marafoni o‘tkazildi.
Tadbirning ikkinchi qismi ushbu mahalla hududida joylashgan o‘quv markazida harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqalari bilan davom etdi.
– Joriy yilning 12 yanvar kuni davlatimiz rahbari Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi, –deydi Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik G‘ofurjon Qayumov. – Unda o‘quvchi-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni 3 bosqichda olib borish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Birinchi bosqichda bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz, Konstitutsiyamiz, Vatan ramzi bo‘lgan mahallalar haqida she’r, ashula, hikoyalarni o‘rgatish, ikkinchi bosqichda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk qahramonlarimizning harbiy bilimlari, mahoratlarini yoshlarga o‘rgatish, uchinchi bosqichda esa yuqori sinflarda o‘quvchilarni sport musobaqalari, harbiylar bilan uchrashuvlar orqali harbiy xizmatga tayyorgarlik bosqichini o‘tash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib, tashkil etilgan tadbirda yoshlar kamondan otish, arqon tortish, o‘q dori qutilarini belgilangan masofaga olib borish, granata uloqtirish, o‘qdonga o‘qlarni joylash, himoya vositalarini kiyish hamda ot jilovlash mashqini bajarish kabi shartlar asosida o‘zaro bellashdi.
Musobaqa yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/j8p7dIoVtng" title="Salomatlik uchun 5000 qadam marafoni oʻtkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
O‘zA