Davlatimiz rahbarining 2025 yil 4 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida “Salomatlik sari” tashabbusi asosida respublika miqyosida muhim ahamiyatga ega tadbir boshlandi. Marafon Sardoba tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan Prezident maktabida tashkil etildi.
Tadbirda respublika ishchi guruhi a’zosi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Rahima Mirxoliqova, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirok etdi. Ular tashabbusning maqsad va vazifalarini, uning yoshlar salomatligini mustahkamlashdagi o‘rnini atroflicha bayon qildi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlar orasida jismoniy va ruhiy barqarorlikni mustahkamlash, zararli odatlarning oldini olish, stress va depressiya holatlariga qarshi psixologik barqarorlikni shakllantirish kabi yo‘nalishlarga qaratildi. Shuningdek, tadbirda sog‘lom ovqatlanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga ovqatlanishning inson salomatligidagi ahamiyati, noto‘g‘ri ovqatlanishdan kelib chiqadigan salbiy oqibatlar va ularning oldini olish yo‘llari to‘g‘risida keng ma’lumot berildi.

Salomatlik va strategik rivojlanish institutining Sirdaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i Tojixon G‘afforova ham tadbirda fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Salomatlik sari” marafoni yoshlar o‘rtasida nafaqat jismoniy sog‘lomlikni, balki psixologik barqarorlikni ham rivojlantirishga xizmat qiladi. Marafon har bir talaba va yosh avlodning hayot tarzida sog‘lom odatlarni shakllantirish, shaxsiy va ijtimoiy mas’uliyatni oshirish uchun strategik ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Tashabbus doirasida ta’lim muassasalari o‘quvchilari, ayniqsa qizlar uchun psixolog, shifokor va sport murabbiylari ishtirokida maxsus seminar-treninglar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, muntazam ravishda “Salomatlik kuni”, sport musobaqalari, breyn-ringlar, kitobxonlik tadbirlari va profilaktik uchrashuvlar ham tashkil qilinadi.

Tadbir yakunida “Salomatlik sari” tashabbusini viloyatning barcha tuman va shaharlarida bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri