Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Salomatlik posbonlari mehnati e’tirof etildi
12:45 / 2025-11-10

Har yili yurtimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Navoiy viloyat hokimligida tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat hokimi Normat Tursunov sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarini tabriklab, tizimda erishilayotgan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi. 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson hayoti uchun muhim va zarur sohalardan biri bo‘lgan – sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga ko‘tarish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

–  Tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnati, xalqimiz salomatligi yo‘lidagi fidokorona mehnati doimo e’tiborda bo‘lib, davlatimiz rahbariyati tomonidan munosib e’tirof etib kelinmoqda, – dedi viloyat rahbari. – Xususan, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan viloyatdagi tibbiyot muassasalari 1200 tadan ortiq zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ta’minlanib, ularning tibbiyot sohasini raqamlashtirish imkoniyatlari kengaytirildi. Joriy yilda 27 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ularning moddiy texnik ba’zasini mustahkamlash maqsadida 66 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu o‘tgan 2024 yilga nisbatan 20-25 foizga ko‘p demakdir.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 3 301 nafar bemorga yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shuningdek, Bolalar milliy markazi bilan hamkorlikda 54 nafar bolajonning yurak tug‘ma nuqsonlarini bartaraf etish bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari amalga oshirildi. Natijada, ular sog‘lom hayotga qaytdi. Bu ko‘rsatkichlar viloyatimizda tibbiyot sohasida qo‘lga kiritilayotgan muhim yutuqlardan biri hisoblanadi.

Tadbirda Prezidentimiz farmoniga asosan taqdirlangan Respublika tez tibbiy yordam markazining Xatirchi tumani bo‘limi haydovchisi Bahodir Rahimovga II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, Respublika tez tibbiy yordam markazining Zarafshon shahar bo‘limi shifokori E’tibor Mavlonovaga II darajali “Salomatlik” ordeni, Navoiy shahridagi “Logo Effect Sadoqat” imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan xususiy muassasasi rahbari Sadoqat Jo‘rayevaga “Sog‘lom turmush” medali, Nurota tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi xo‘jalik bekasi Dilshoda Jabborovaga “Shuhrat” medali, shuningdek, bir guruh soha fidoyilariga viloyat hokimining faxriy yorliq, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA