Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi Nurli Hayot va Boysun tumanidagi Kosiblar mahallasida “Salomatlik” mobil karvoni o‘tkazildi.
Mobil karvon mutaxassislari Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat hokimligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va UNICEF hamkorligida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qabul qilib, ularga bepul tibbiy maslahatlar, davolanishi uchun yo‘llanmalar berdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi va uning tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari mahallalardagi fuqarolar muammolarini o‘rgandi. Natijada Muzrabot tumanida dori-darmonga muhtoj 80 va Boysun tumanida 87 oila aniqlandi. Ehtiyoji bor insonlarga 37 turdagi dori-darmon topshirildi. Shuningdek, aholining ijtimoiy holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar doirasida mahalladagi maktabgacha ta’lim muassasalari bolalarini o‘quv qurollari bilan ta’minlab, kam ta’minlangan aholi uchun oziq-ovqat to‘plami, aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish uchun yurak qon-tomir, ichki hamda endokrin kasalliklariga chalingan bemorlar uchun tuman tibbiyot birlashmalariga zarur dori-darmon yetkazib berildi.
Shu kuni Muzrabot va Boysun tumanlari “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazi yuzdan ortiq murojaatchiga bepul psixologik va yuridik xizmat ko‘rsatdi. Tajribali psixologlar stresslarni bartaraf etishga qaratilgan trening mashg‘ulotlari tashkil etib, emotsional-hissiy zo‘riqishlarning kelib chiqish sabablarini aniqladi. Zo‘riqishlarning darajasini pasaytirish, stresslarni bartaraf etishga qaratilgan suhbatlar uyushtirildi.
“Salomatlik” mobil karvoni viloyatning boshqa tumanlarida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bepul xizmat ko‘rsatishni mo‘ljallamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri