Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Qoraulon” MFYda shifokorlik punkti foydalanishga topshirildi. Mazkur maskan Qoraulon mahallasidagi beshta qishloqda yashovchi 4 ming 500 dan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi.
Salomatlik maskani zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlangan bo‘lib, aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Shuningdek, punktda kunduzgi statsionar bo‘lib, unda bemorlar zarur davolash va diagnostika xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

Ayni kunda hududda 50 dan oshiq homilador ayol va 1-guruh nogironligi bo‘lgan 5 nafar, 2-guruh nogironligi bo‘lgan 47 nafar fuqaro mazkur tibbiy xizmatlardan foydalanmoqda.

Shifokorlik punkti binosi “Jo‘ynav sity savdo baraka” MCHJ tomonidan barpo qilindi. Qurilish uchun jami 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Botir Sobirov rahbarligidagi quruvchilar jamoasi o‘tgan oylarda bu inshootda belgilangan ishlarni to‘liq va sifatli yakunladi.

Shifokorlik punktining ochilish marosimida tuman hokimi Alisher Fayzullayev boshchiligidagi jamoatchilik vakillari, tibbiyot birlashmasi xodimlari, aholi vakillari ishtirok etdi. Marosimda so‘zga chiqqanlar qoraulonliklarni yangi maskan bilan samimiy tabrikladi va tibbiyot muassasasining aholi salomatligini saqlash va yaxshilashdagi o‘rni xususida to‘xtaldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.