Andijon davlat chet tillari institutida “Salomatlik tibbiy madaniyatdan boshlanadi” shiori ostida “Salomatlik marafoni” bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda institut hamkorligida tashkil etilgan, institut professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari va talabalari ishtirok etgan marafon doirasida qator tadbirlar – tibbiy ko‘rik, shifokorlar bilan muloqot, sport musobaqalari o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘rik jarayonida viloyatda faoliyat yuritayotgan tibbiy muassasalarning malakali mutaxassis va shifokorlari tomonidan institut jamoasi bepul hamda chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Ko‘riklarda kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga alohida e’tibor qaratildi. Turli xastaliklar aniqlangan fuqarolarga davolanish va salomatlikni tiklash bo‘yicha shifokorlar tomonidan zarur maslahat va tavsiyalar berildi.

“Salomatlik marafoni” doirasida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari, yetakchi mutaxassislar hamda viloyat shifoxonalarining bosh shifokorlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Unda salomatlikni asrash, tibbiy madaniyatni yuksaltirish masalalari muhokama qilinib, talaba-yoshlar va pedagoglarga kasalliklarning oldini olish, sog‘lom ovqatlanish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish hamda jismoniy faollikning inson salomatligidagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Kunning ikkinchi yarmida institut sport zalida professor-o‘qituvchilar hamda ishchi-xodimlar o‘rtasida stol tennisi, shaxmat-shashka, basketbol va voleybol bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Ushbu sport bellashuvlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat va jismoniy tetiklik ulashdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA