Aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida Buxoro markaziy dehqon bozori hududida “Salomatlik marafoni” doirasida ommaviy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.


Shuningdek, ko‘chma mobil tibbiy texnikalar yordamida fuqarolar uchun bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. Ko‘rik jarayonida fuqarolarning qon bosimi, tana vazni va umumiy salomatlik ko‘rsatkichlari tekshirilib, mutaxassislar tomonidan tegishli tibbiy tavsiyalar berildi. Zaruratga ko‘ra, ayrim fuqarolar qo‘shimcha va chuqurlashtirilgan tekshiruvlar uchun tibbiyot muassasalariga yo‘naltirildi.


Tadbirda Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xushnud Jalilov so‘zga chiqib, “Salomatlik marafoni”ning aholi salomatligini saqlash va mustahkamlashdagi ahamiyati, kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika ishlarini kuchaytirishda bunday ommaviy tadbirlarning o‘rni muhim ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u fuqarolarni muntazam tibbiy ko‘riklardan o‘tib turishga va sog‘lom turmush tarziga amal qilishga chaqirdi.
“Salomatlik marafoni” doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar aholining tibbiy savodxonligini oshirish, profilaktik tibbiyotga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish va sog‘lom jamiyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.