Joriy yilning oktyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Salomatlik marafoni” bugun – 17 noyabrdan Samarqandda boshlandi.
Tibbiy profilaktika, kasalliklarni erta aniqlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan mazkur tadbir bir oy– 17 dekabrga qadar Samarqandning tuman va shaharlarida davom etadi.
Marafon boshlanishi munosabati bilan Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Olim Omonov boshqa mas’ullar ishtirok etib, ushbu tashabbusning ahamiyatiga e’tibor qaratdilar. Keng qamrovli tibbiy ko‘riklar aholi salomatligini saqlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish va tibbiy madaniyatni oshirishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
– Marafon doirasida oilaviy poliklinikalar, viloyat va respublika darajasidagi yetakchi shifokorlar, shuningdek, xorijiy mutaxassislar tomonidan aholining barcha qatlami chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, – deydi Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev. – Tekshiruvlar yakunlari DMED yagona elektron axborot tizimiga kiritilib, kelgusida fuqarolar salomatligi doimiy monitoring asosida yuritiladi. Bu esa kasalliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish va davolash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Marafon davomida nafaqat tibbiy ko‘riklar, balki sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha maslahatlar berilib, sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi. Ushbu xizmatlar aholiga bepul ko‘rsatiladi va kasallik aniqlangan fuqarolar xavflilik darajasiga ko‘ra, viloyat va respublika shifoxonalarida davolanishga yuboriladi.
[gallery-26282]
10 noyabr kuni davlatimiz rahbari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda endilikda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlari, viloyat, tuman sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlari bir oylik aniq reja asosida ishlashga o‘tishi, zimmasiga olgan vazifalar, qaysi kasalliklar ko‘p uchrayotgani va ularni qanday kamaytirishni aholiga e’lon qilib borishi, shuningdek, odamlarga murojaat qilib, sog‘lig‘iga e’tibor qilish, tibbiy ko‘rikdan vaqtida o‘tish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni tushuntirishini qayd etgandi. Markaz rahbarlari o‘z sohasida eng og‘ir tuman va mahallaga borib, kasalliklarning sabablarini o‘rganadi, ularga yechim beradi, oilaviy poliklinika va tuman shifoxonalarining vrachlarini kasallikni davolashga o‘rgatadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday loyihalar jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim qadam bo‘lib, fuqarolarda o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA