Ayni kunlarda aholining keng qatlamini tibbiy ko‘rik va skirining tekshiruvlarga jalb etish maqsadida yurtimiz bo‘ylab “Salomatlik marafoni” o‘tkazilmoqda.
Namangan tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada ushbu jarayonga puxta hozirlik bilan kirishildi. Viloyat sog‘liqni saqlash muassasalaridan jalb etilgan yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘rik tashkil etilib, fuqarolar bir qator tibbiy tekshiruvlardan o‘tib, zarur tavsiyalar oldi.



Marafon doirasidagi tadbirlar sport-sog‘lomlashtirish maskanlarini ham qamrab oldi. Ko‘plab aholi, asosan ayollar va yoshlar tuman markazidagi o‘yingohda salomatlik tadbirida jismonan chiniqdilar. Tuman hokimining o‘rinbosari Omonjon Saidazimov, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, oliy toifali shifokor Dilmurod Qodirov uzoq umr ko‘rish hamda sog‘lom hayot kechirishning muhim sharti – sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollik talablariga rioya etishning ahamiyati haqida batafsil tushuncha berdi.



Tadbir doirasida xalq ta’limi, tibbiyot tashkilotlari va yoshlar besh ming qadam yurish mashqini bajardilar. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ko‘magida uyushtirilayotgan “Salomatlik marafoni” barcha hududlarda ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.