Inson shifoxonaga shifo izlab keladi. Ammo ba’zan u yerning o‘zida kasallik yuqtirib olishi mumkinligini eshitganda, bundan og‘riqli va o‘ylantiruvchi holat bo‘lmasa kerak.
Bu faqat tibbiy emas, balki jamiyatning salomatlik madaniyati va mas’uliyati bilan bog‘liq muammodir. Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda “shifoxona ichi infeksiyalari”ni oldini olish bo‘yicha qat’iy tizim yaratilayotgani bejiz emas.

Sirdaryo viloyatida ham bu yo‘nalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida viloyatdagi 294 ta tibbiyot muassasasida jami 477 marta tekshiruv o‘tkazildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq.

– Tekshiruvlar jarayonida ayrim tibbiyot muassasalarida infeksiya nazorati tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani, tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarning epidemiologik anamnezi to‘liq yig‘ilmayotgani aniqlandi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Hasanov. – Masalan, bemorning avval o‘tkazgan yuqumli kasalliklari, olgan muolajalari yoki oxirgi ikki oyda chet elga chiqqanligi haqidagi ma’lumotlar ko‘p hollarda tibbiy hujjatlarda aks etmagan. Bu esa yuqumli kasalliklar xavfini erta aniqlash va tarqalishini oldini olishda jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Demak, infeksiya nazorati faqat dezinfeksiya yoki sterilizatsiya bilan cheklanmaydi. Bu — tashkiliy, tibbiy, sanitar va ma’naviy mas’uliyatni o‘z ichiga oluvchi uzluksiz jarayondir. Har bir shifokor va hamshira o‘z ishining xavfsizligi uchun shaxsan javobgar bo‘lishi kerak.
Tekshiruvlar “Shifoxona ichi infeksiyasini oldini olish to‘g‘risidagi” hamda “Tibbiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash va utilizatsiya qilish to‘g‘risidagi” hujjatlar asosida o‘tkazildi. Shuningdek, virusli gepatit, gripp va boshqa yuqumli kasalliklarning oldini olishga oid me’yoriy talablar ham inobatga olindi.
Natijada sanitariya talablarini buzganlik uchun 383 nafar tibbiyot xodimiga nisbatan 666 million 778 ming so‘mlik ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Sanitar holati talabga javob bermagani uchun 11 ta davlat va 14 ta xususiy klinika faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Shu bilan birga, 24 nafar tibbiyot xodimi vaqtinchalik ishdan chetlatildi, 51 ta taqdimnoma kiritildi.
Bu raqamlar ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Ammo ularning har biri tizimdagi bo‘shliq va mas’uliyatdagi zaif nuqtalarni ko‘rsatadi. Axir, inson salomatligi bilan bog‘liq har bir xato — pul bilan o‘lchanmaydigan yo‘qotishdir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha kamida 1,4 million bemor shifoxona ichi infeksiyasi sababli qo‘shimcha davolanishga muhtoj bo‘ladi. Bu faqat statistika emas, bu inson taqdirlari, orzu-umidlar va hayot sinovlaridir. Shu bois infeksiya nazorati nafaqat tibbiy, balki ma’naviy burch hamdir.
Sirdaryo viloyatida bu borada ijobiy ishlar ham ko‘p. Har bir shifoxonada infeksiya nazorati bo‘yicha mas’ul shaxs tayinlanmoqda, tibbiy chiqindilar bilan ishlash tizimi yangi standartlar asosida tashkil etilmoqda. Xodimlar uchun sanitar madaniyatni oshirish bo‘yicha muntazam o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Bu — toza muhit, xavfsiz xizmat va ishonchli davolanish sari tashlangan muhim qadamlardir.
Salomatlik tizimida har bir qaror, har bir harakat inson hayoti bilan bog‘liq. Shuning uchun profilaktika — kasallikni davolashdan ko‘ra samarali va arzon yo‘l hisoblanadi. “Shifoxona ichi infeksiyalari” masalasi bugun nafaqat sog‘liqni saqlash sohasining, balki butun jamiyatning mas’uliyatiga aylandi. Chunki salomatlik xavfsizligi — bu faqat tibbiy masala emas, u xalqning madaniyati va mas’uliyatini ko‘rsatadigan ko‘zgudir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri